Drezdendagi islomga qarshi namoyishlar asosida qanday ziddiyatlar yotibdi?

  • Amerika Ovozi

So'nggi oylarda Germaniyaning Drezden shahrida minglab fuqarolar "G'arbning islomlashuvi"ga qarshi ko'chalarda namoyish o'tkazmoqda. Ular o'tkazgan so'nggi yig'inga 25 ming odam to'plangan. Tahlilchilarga ko'ra, Germaniyaning zamonaviy ziddiyatlari zamirida II Jahon urushi va kommunist tarix yotibdi.

Drezden markazi Germaniyaning birlashuvi va qayta qurilishi ramzi hisoblanadi. Ammo so'nggi oylarda shahar siyosiy jang maydoniga aylangan. O'zini "PEGIDA" deb atovchi millatchilar harakati mavjud siyosiy bo'shliq oqibatida yuzaga keldi, deydi Drezden universiteti professori Verner Patzelt.

"Germaniyada fashizmning qayta bo'y ko'rsatishiga yo'l qo'ymaslik bo'yicha nemis jamiyati yakdil. Lekin siyosiy maydonning o'ng tomonini himoya qiladigan namoyandalar yo'q. Aynan ana shu bo'shliqda PEGIDA harakati va "Germaniya uchun yangi yo'l" kabi partiyalar yuzaga keldi", - deydi u.

Saksoniya shtati saylovlarida "Germaniya uchun yangi yo'l" 10 foizga yaqin o'rinlarni qo'lga kiritdi. Mahalliy partiya yetakchisi Bernd Lommelning aytishicha, "PEGIDA"ning kelib chiqishini tushunish uchun Drezden tarixiga qarash kerak.

"Birlashish foyda keltirmadi, deb hisoblovchi odamlar bor. Hamma bundan birdek xursand bo'lmagan. Yutqizgan odamlar ham bor va ular kelajaklaridan xavotirda", - deydi u.

Ammo Drezdenni sharqiy Germaniyaning qiynalayotgan shahri deb bo'lmaydi.

Iqtisodiy jihatdan shahar ancha baquvvat. Aksincha, ayrimlar Drezdenning ko'p qutbli siyosatini II Jahon urushi davriga borib taqaydi.

1945-yil fervralda Amerika va Britaniya havo kuchlari Drezdenga bomba yog'dirib, 25 ming odamni o'ldirgan. Har yili ushbu mash'um kunni xotirlab shaharda yurishlar o'tkaziladi. Shu tarix ko'plab PEGIDA tarafdorlarining dunyoqarashini shakllantirgan, deydi professor Patzelt.

"Ularning qarashi quyidagicha: Drezden amerikaliklar va inglizlar tomonidan vayron qilingan. Amerikaliklar dunyoni bombardimon qilishni haligacha to'xtatgani yo'q. Endi ular Yaqin Sharqni bombalayapti. Davlatlarni vayron qilyapti. Natijada bizda qochoqlar ko'p", - deya tushuntiradi professor.

Patzeltning ta'kidlashicha, PEGIDA marshlarida ko'zga tashlangan Rossiya bayrog'i guruh tarafdorlari orasida Amerikaga qarshi tura oladigan muqobil kuch bo'lishini istovchilar borligini ko'rsatadi. Ularning e'tirozlari e'tiborsiz qoldirilmasligi kerak, deydi Xristian-demokratlar partiyasiga mansub mahalliy siyosatchi Jan Donxauser.

"PEGIDA faqat muhojirlarga oid siyosat haqida gapirmayapti. Odamlarni norozi qilayotgan va bu kabi guruhlarga qo'shilishga undayotgan boshqa ko'plab masalalar bor. Ular fikriga qo'shilmasam ham, fikrlarini tinglashimiz kerak. Mamlakat sharqi hech qachon hozirgidek yaxshi bo'lmagan. Lekin siyosatchi sifatida ularga jiddiy e'tibor berishim kerak", - deydi u.

Germaniya kansleri Angela Merkel Berlinda musulmonlar tomonidan tashkil etilgan birdamlik yurishida qatnashdi. U PEGIDA marshlarini keskin qoralab, guruh tashkilotchilarini "yuraklarida nafrat" saqlayotganlikda aybladi.

Ammo bu ham to'g'ri yondashuv emas, deydi professor Patzelt.

"Bunday harakatlarni yo'q qilishimiz kerak, ularning ovozini, fikr va hissiyotlarini o'chirishimiz kerak desangiz, aslida ularning paydo bo'lishini kuchaytirayotgan bo'lasiz", - deydi u.

Pazelt taxminicha, PEGIDA harakati bir kun kelib "Germaniya uchun yangi yo'l" kabi partiyalardan biriga qo'shilib ketadi. Hozircha, to fikrlari inobatga olinmaguncha, guruh a'zolari har dushanba marshlarini davom ettirishini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG