Ochiq kinoteatrlar zamonga moslashishi kerak

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkdagi ochiq kinoteatrda tomoshabinlar.

Nyu-Yorkdagi ochiq kinoteatrda tomoshabinlar.

Jahon bo’ylab kinoteatrlar tobora yangi texnologiyaga o’tayapti, tasvir va ovoz yanada yorqin, toza bo’lishiga talab oshgan.

Buning xarajati esa ko’p va natijada Amerika hayotining ramzi sanalmish mazkur biznes yo’qolish yoqasida. Eski kinoteatrlar omon qolish maqsadida internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayapti.

Illinoys shtati, Erlvill shahrida juma oqshomi… Quyosh botayotganidan bilingki, hozir katta ekranda film namoyish qilinadi. Amerikada 60 yillik an’ana bu.

“Bir paytlar besh mingga yaqin mana shunaqa kinoteatrlar bo’lardi. Hozir 388 dona qolgan”, - deydi u.

Shahardagi mana bu ochiq kinoteatrga yuzlab muxlislar keladi. Yozning har shanba-yakshanbasi atrofdagi yashil maysazor mashinaga to’ladi.

Ron Manoni shaharda 1987-yildan beri yashaydi. 1994-yilda ochiq kinoteatrni xarid qildi va shundan beri olishadi, kurashadi.

“Ko’rib turganingiz uchinchi ekran. Birinchisi shamolda qulagan edi. Ikkinchisi esa kinoseans paytida qulab tushgandi. Yaqinda tornado bo’lib, yana ishimdan quruq qolishimga oz qoldi”, - deydi suhbatdosh.

Lekin tornado eplamagan joyda texnologiya ishni barbod qilishi mumkin.

Manoni katta ekranda namoyish qilayotgan filmlar ortida turgan texnologiya eski. 1950-yillarda yasalgan, 35 millimetrli tasmada ishlovchi video proyektor. Tobora ko’p kompaniyalar esa filmni plenkada emas raqamli formatda tarqatayapti. Bu esa ochiq kinoteatrlarga ziyon.

Biznesni saqlab qolish uchun Manoni katta xarajat qilishi kerak.

“Yangi texnologiya 70 ming dollar turadi. Katta kompaniyalardan farqli bunaqa pulim yo’q”, - deydi Manoni.

Aksariyat mustaqil kinoteatr egalari hozir shunaqa muammo bilan yuzlashib turibdi. Raqamli formatga o’tish arzon emas. Bu to’lqin haqiqiy arxitektura namunalari sanalmish teatrlarni yo’q qilishi hech gapmas. Chikagodagi “Patio” teatri bunga misol.

“Patio teatri eski klassik kinoteatrlardan biri. Haqiqiy san’at asari. Nafaqat Chikagoda, balki butun Amerika bo’ylab bunaqasi juda kam qolgan”, - deydi Demetri Kovalis, “Patio” teatri sohibi.

Ochiq kinoteatrda asosan plenkali filmlar namoyish qilinadi.

Ochiq kinoteatrda asosan plenkali filmlar namoyish qilinadi.

Lekin Patio teatrida bugun namoyish qilinayotgan filmlar sifati ancha yuqori. Muxlislar yordami va internetning sharofati bu.

“Internetdagi veb saytlar yordamida muxlislardan moliyaviy yordam ola boshladik. Odamlar ko’nglidan chiqarib beradi. Shu tariqa texnikani ham yangilab oldik”, - deydi Kovalis.

50 ming dollar yordam berganlar ham bo’ldi. Qarabsizki, Patio kinoteatrida hozir raqamli proyektor ishlab turibdi.

Lekin Ron Manonining raqamli formatga ko’ngli yo’q:

Eski proyektorlarni yangilash, raqamli texnologiyaga o'tish qimmat jarayon.

Eski proyektorlarni yangilash, raqamli texnologiyaga o'tish qimmat jarayon.

“Ortiqcha ishlov berilgan. O’sha eski sifat yo’qolgan. Haqiqiy filmga o’xshamaydi”.

Lekin Manoni biznesni saqlab qolmoqchi bo’lsa, yangi talablarga moslashishi kerakligini biladi.

Uning holidan muxlislarning xabari bor. Odamlar bir-biridan eshitib, jinday moliya to’planib qoldi. Kinoteatr ishlab turishi uchun kerakli mablag’ning uchdan biri jamg’arildi. Ron Manoni jonliroq harakat qilishi kerakligini biladi.

Kelasi yilga borib aksariyat kompaniyalar plenkali filmlarni tarqatishni to’xtatadi.

35-millimetrli plenkada ishlovchi proyektor.

35-millimetrli plenkada ishlovchi proyektor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG