Haydovchisiz mashinalar yaqin yillarda sotuvga chiqadi

  • Amerika Ovozi

Haydovchisiz mashinalarni ko’rganmisiz? Albatta, fantastik kartinalarda. Ammo bu texnologiya allaqachon yaratilib, ayni paytda AQSh yo’llarida sinovdan o’tmoqda. Florida, Nevada va Kaliforniya shtatlari eksperimental mashinalarga ruxsat bergan.


Google kompaniyasi o’zini o’zi haydaydigan o’nlab mashinalarga ega. Ular hozirgacha jami 480 ming kilometr masofani bosib o’tdi.

AQSh va Yevropadagi yirik avtokorxonalar ham o’xshash loyihalar ustida ish boshlagan. Volvo, masalan, 2020-yilga borib haydovchisiz mashinalarni sotuvga chiqarmoqchi.

Yaqinda Kaliforniya shtati o’z yo’llarida bunday avtomobillar yurishiga ruxsat berdi.

“Ilmiy-fantastik g’oyalar sekin-asta hayotga tatbiq etilayapti…”, - deydi shtat gubernatori Jerri Braun.

Yangi texnologiyaning tarkibiy qismlari - kamera, radar va sensorlar. Mazkur sistemalar tanlov va konkurslar asosida yildan-yilga taraqqiy etib borayapti. Proyekt homiysi – DARPA, AQSh harbiy tadqiqotlar agentligidir.

Muhandis Richard Meyson 2004-2007-yillarda o’tkazilgan poygada o’zini boshqaruvchi mashinalarni loyihalashtirgan.

“Mashinalar dizaynini mukammallashtirish uchun har ikki yilda qayta olib kelishar edi. Izlanishlar natijasida ular 10 baravar ko’proq ma’lumotni tahlil qilish darajasiga yetdi. Lekin narxi ham oshdi”, - deydi u.

Endi Los-Anjelesdagi avtoko’rmazaga kirib o’tib, bozorga chiqayotgan yangi ulovlar bilan tanishsak…

Kichik hajmli yangi Mitsubishi hech qancha benzin yemaydi. Honda esa xavfsizlikka e’tiborni oshirmoqda, deydi kompaniya vakili Enji Nuchi.

“Passajir tomondagi oynada kamera o’rnatilgan. Tasvirga qarab, yo’lakni almashtirish oson va xavfsiz”, - deydi u.

Yana bir qulaylik – to’qnashuv xavfini sezganda mashina o’zi tormoz pedalini ishga soladi.

Bu sistemalar haydovchiga yordam beradi, lekin uning o’rnini bosa olmaydi. Pitersen avto-muzeyi xodimi Lesli Kendalga ko’ra, kelajakda haydovchisiz mashinalar yo’lni bexatar qiladi.

“Avtomobillar o’zini boshqara olsa, yo’lda avariyalar kamayishiga umid qilish mumkin”, - deydi u.

Lekin inson nazoratni kompyuterga osongina berib qo’yarmikan?

“Texnologiya ishonchli ekaniga ko’nikish vaqt talab qiladi. Avvalo ular o’zini oqlashi, sinovdan o’tishi kerak”.

Soha mutaxassislariga ko’ra, yana bir muhim faktor avtomobillar bahosidir. Haydovchisiz ulovlar xaridorgir mahsulotga aylanishi uchun bahosi arzonroq bo’lishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG