Pilotsiz samolyotlar - AQShning terrorga qarshi vahimali quroli

  • Amerika Ovozi

AQShning pilotsiz samolyoti

AQShning pilotsiz samolyoti

AQShning terrorchilarga qarshi pilotsiz samolyotlar ishlatayotgani xorijda ham, Amerikada ham tanqidga uchramoqda. Tanqidchilar nazarida bu xalqaro qonunlarga xilof. Chora tarafdorlariga ko’ra esa, bunday hujumlar o’ta samarali bo’lib, terrorchilar yetakchilarini yo’q qilishda qo’l kelmoqda.

AQShning uchuvchisiz samolyotlari al-Qoida va boshqa jangari guruhlarga qarshi tez-tez ishlatib kelinadi.

“Yangi Amerika jamg’armasi” deb nomlanuvchi tahlil markazining so’nggi hisobotiga ko’ra, 2004-yildan beri Pokiston va Yamanda pilotsiz samolyot hujumlarida 3200 dan ziyod jangari yo’q qilingan. Tinch aholi orasida esa talofatlar 368 odamni tashkil etgan.

London Iqtisodiyot maktabi professori Kristofer Kokerning aytishicha,
Amerikaning o’zida to’rtta, Germaniyada bitta va Janubiy Koreyada bitta harbiy bazasi bo’lib, pilotsiz samolyotlarning aksariyati ana o’sha joylardan uchiriladi.

"Apparatlar harakatini har kuni soatlab ekranda kuzatib, zarur bo’lganda o’t ochishga buyruq beriladi", - deydi u.

“Nyu-York Tayms” gazetasining xabar berishicha, Pokiston jangarilarni nishonga olish maqsadida o’z havo sarhadlarini AQSh samolyotlariga ochib bergan. Pokiston hukumati bu da’volarni qat’iyan inkor etib keladi, AQSh hukumati esa izoh bermaydi.

Amerika pilotsiz samolyotlarining Pokiston uzra uchishiga qarshi mamlakatda bir necha bor namoyishlar kuzatilgan.

Islomobodlik yurist Orif Niyoziyning aytishicha, hali ham davom etayotgan havo hujumlari ochiq bosqinchilik bo’lib, Pokiston suverenitetini oyoq osti qiladi.

Angliyaning Vestminster universitetida xalqaro huquq bo’yicha ekspert Marko Roschinining aytishicha, bunday hujumlarning qonuniyligi shubha ostida.

"Aytishlaricha, aksariyat havo hujumlari maxfiy operatsiyaning bir turi bo’lib, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan yuritilmoqda. Kim, qachon va nega nishonga olishini hech kim bilmaydi", - deydi tahlilchi.

Kristofer Koker nazarida razvedka boshqarmasi va harbiylarning jang olib borish qoidalari bir-biridan farq qiladi.

"Harbiylar nishon 100 foiz dushman ekaniga amin bo’lsagina, hujum qiladi. Markaziy razvedka boshqarmasi esa dushman ekaningizga shubha bo’lsa ham, sizni o’ldirishi mumkin", - deydi Koker.

Pilotsiz samolyot hujumlari tarafdorlariga ko’ra, bunday operatsiyalarda Al-Qoidaning ko’zga ko’ringan yetakchilari o’ldirilgan, jumladan rahbarining o’rinbosari Abu Yahyo al-Libiy.

Shu bilan birga ayrimlarni pilotsiz samolyotlar yordamida terror guruhlar safiga qo’shilgan AQSh fuqarolarini nishonga olish masalasi xavotirga solmoqda.

Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Brennan fevral oyida Senatdagi tinglovda bu masalaga munosabat bildirgan.

"Terrorchilarga qo’shilgan har bir amerikalik bizga qarshi ekanini, dushmanga aylanganini tushunib, Qo’shma Shtatlar tinch fuqarolari hayotini saqlab qolish uchun ularga qarshi chora ko’rishga tayyor ekanini bilishi kerak", - degan edi o’shanda Brennan.

2014-yil oxirigacha NATO ning aksariyat qo’shinlari Afg’onistonni tark etishga hozirlanar ekan, tahlilchilar nazarida uchuvchisiz samolyotlar G’arbning terror guruhlariga qarshi kurashda katta rol o’ynashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG