Tibbiy yukni dron orqali tashish sinovdan o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

Suv toshqini yoki yer ko'chishi oqibatida yo'ldan o'tish imkoni bo'lmasa yoki yo'lni yov kuchlari yopib qo'ygan bo'lsa, dori-darmon va boshqa anjomlarni manzilga yetkazishning birdan-bir yo'li havo orqalidir. Biroq endilikda buning uchun katta va qimmat vertolyotlar xizmatidan foydalanish shart emas. Masalan, Ruandada vaksinalarni dronlar yordamida yetkazish loyihasi sinovdan o'tmoqda.

Kichik hajmli pilotsiz samolyotchalar avgust oyidan boshlab Ruandaning chekka qishloq joylarida joylashgan klinikalarga zarur tibbiy anjomlar va mahsulotlar tashishni boshlaydi.

Amerika yordamida amalga oshirilayotgan loyiha uchun pulni yuk tashuvchi "UPS" (Yu-Pi-Es) kompaniyasining jamg'armasi ajratgan. Dronlarni Kaliforniya shtatida joylashgan "Zipline" (Ziplayn) kompaniyasi, vaksinalarni esa shu shtatdagi yana bir shirkat "GAVI Alliance" (GAVI Ellayns) bermoqda.

"UPS" jamg'armasi prezidenti Eduardo Martinezning aytishicha, bemorlar hayotini saqlab qolish uchun tibbiy ta'minotda uzilish bo'lmasligi zarur va jamg'arma boshqa tashkilot va kompaniyalar bilan hamkorlikda xorij mamlakatlarida ta'minot tarmog'i oqsagan nuqtalarga yordam berishga ahd qildi.

Dronlar 1,5 kilogram yuk bilan 120 kilometrgacha ucha olishi mumkin. Ular yukni oldindan belgilangan manzilga yetkazganidan so'ng bazaga qaytadi.

Loyihadan maqsad dorilarni pitssa kabi buyurtirishni osonlashtirish. Tibbiy xizmatchilar qon yoki boshqa biror narsa buyurtirganidan so'ng ta'minot markazi xodimlari buyurtmani korobkaga, korobkani esa dron kuzoviga joylashtirib, manzilni programmalashtiradi va dronni uchiradi.

Bu kichik hajmdagi yuklarni oddiy samolyot yoki vertolyotda tashishdan ancha arzondir.

Loyihadan yana bir maqsad "Zipline" va "UPS" kompaniyalariga yukni dron orqali tashish texnologiyasini amalda sinashga imkon berish. Bu esa Amerikada dronlardan yuk eltishda foydalanish uchun Federal aviatsiya boshqarmasi ruxsatini olishda qo'l kelishi mumkin.

"Boshqarmani ruxsat berishga ko'ndirishdan avval biror mamlakatda aniq maqsad va reja bo'yicha ish olib borishimiz, o'n minglab soatlik parvozlarning xavfsiz o'tishini ta'minlashimiz zarur. Agar buning uddasidan chiqa olsak va bu ma'lumotlarni boshqarmaga taqdim etsak, jarayon tezlab, bunday texnologiyani o'z mamlakatimizda qo'llasak bo'ladi", - deydi "Zipline" rahbari Keller Rinodo.

Ruanda hukumati bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bu loyihaga ko'ra, bir kunda 150 martagacha yuk yetkazsa bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG