Breaking News

Yaqin Sharqdagi mojaro zonalarida dronlar keng qo'llanyapti


O'tgan oy Iroqning Anbar viloyatida otib tushirilgan, o'lchami qushdek keladigan uchar vosita "Islomiy davlat" guruhiga tegishli dron bo'lib chiqdi.

Bunday voqealar Iroq va Suriyada tez-tez ro'y bermoqda. "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan ekspertlar va rasmiylarning aytishicha, kamida yetti davlat qatorida jangari guruhlar ham Iroq va Suriya osmonida o'z dronlarini uchiradi.

"Pilotsiz samolyotlar urushga murakkab bir tus bermoqda, jang maydonini o'zgartirmoqda", - deydi iste'fodagi polkovnik Robert Kassidi.

Turkiya, Suriya, Eron, Rossiya, AQSh, Britaniya va Iroq regionda dronlardan foydalanadi. Kurd jangarilari, Suriya muxolifati, Hizbulloh guruhi va "Islomiy davlat" ham bunday vositalarga ega.

Missiyalar har xil - razvedka ma'lumotlarini to'plashdan tortib, yetakchi terroristlarni yo'q qilishgacha. AQSh Mudofaa vazirligi dron dasturini maxfiy saqlashga harakat qilsa-da, "Islomiy davlat" manzillarini so'nggi oylarda bir necha bor nishonga olganini bilamiz.O'tgan yili bu guruhning "Jihodchi Jon" deb tanilgan kallakesar a'zosi dron bilan yo'q qilingan edi.

Avvaliga Pokiston va Yamanda qo'llangan bu programma bugunga kelib ancha kengaygan. Pentagon rasmiylari "Amerika Ovozi" bilan bu mavzuda gaplashishni istamaydi. Bunday operatsiyalar kengaytirilgani inson huquqlari tashkilotlari, qonunchilar va xorijiy davlatlar tomonidan tanqidga uchragan.

Dronlardan himoyalanish uchun "Islomiy davlat" poytaxti Raqqa shahrida tomlarga va xiyobonlarga kamuflyaj mato to'shalgan. Ekstremist to'da bu samolyotlarni uchiradigan amerikalik harbiylarning ism-sharifi va turar joyini internetda ham chop etdi.

"Islomiy davlat", ma'lumki, texnologiyadan mohirona foydalanishi bilan boshqa jangari guruhlardan ajralib turadi. Dushmanlari haqida dronlar ko'magida ma'lumot yig'adi. Havodan olingan tasvirlarni propaganda uchun ham qo'llaydi.

Harbiylar so'zlariga ko'ra, Iroq va kurd qurollari kuchlari joylashgan bazalar yaqinida josus dronlar tez-tez ko'zga tashlanadi. "Ko'pincha ular kimga tegishli ekanini bilmaymiz ham", - deydi peshmerga qo'mondoni Qodir Qodir.

Ekspertlar fikricha, "Islomiy davlat" dronlari internetda topsa bo'ladigan qismlardan yasalgan, qo'lbola vositalardir. Mosul shahri yaqinida ularning kichik sexlari bor.

Iroq armiyasi ham "Islomiy davlat" bazalari haqida ma'lumot to'plash uchun uchuvchisiz samolyotlardan foydalanadi. Xabarlarga qaraganda, ularning bir qismini Eron yetkazib bergan.

Ammo Iroq Havo kuchlari qo'mondoni Anvar Hama Amin buni inkor etib, razvedka uchun dronlarni AQShdan, qiruvchi rusumidagi dronlarni esa Xitoydan sotib olganmiz, deydi.

Iroq shimolidagi kurd peshmerga qo'shinlari ham pilotsiz samolyotlarni "Islomiy davlat"ni kuzatish uchun qo'llaydi.

Turkiyaning "Anka" droni
Turkiyaning "Anka" droni


Rossiya Mudofaa vazirligi so'zlovchisi general Igor Konashenkov oktabr oyida aytgan ediki, Rossiya Suriya kampaniyasida ilk bor ayg'oqchi dronlarini katta sonda ishga solgan. Ular kuniga 24 soat razvedka ma'lumotlari to'playdi.

Minataqaviy mojarolarga o'ralashib qolgan Turkiya o'z dronlarini ishlab chiqarish uchun millionlab dollar sarmoya qilmoqda. Ular Suriya va Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda, shuningdek, mamlakatning o'zida kurd isyonchilarini nishonga olishda ishlatiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG