Bayram archasi atrofida tortishuvlar

  • Amerika Ovozi

Oq Uy oldidagi archa

Oq Uy oldidagi archa

25-dekabr G’arb mamlakatlari, jumladan, Amerikada katta bayram - nasroniylar Iso Masih tavalludini nishonlaydi. Odatda bu kunga oldindan taraddud ko’riladi.

Do’konlarda savdo avjida, odamlar sovg’alar xarid qilish bilan band. Xonadonlarda archa yasatilgan, davlat idoralarida ham. Lekin so’nggi paytlarda rasman dunyoviy bo’lgan davlatda nasroniylar ayyomini keng nishonlash to’g’rimi, degan savol yangramoqda.

Kapitoliy, AQSh qonunchilik organi Kongress joylashgan bino oldida har yili archa yasatiladi

Kapitoliy, AQSh qonunchilik organi Kongress joylashgan bino oldida har yili archa yasatiladi

O’yinchoqlar bilan bezalgan archa Rojdestvoning asosiy siymosi. Rod-Aylend shtati gubernatori Linkoln Chafe bu yil uni Rojdestvo emas “bayram archasi” deb nomlashga qaror qildi - boshqa din vakillarini ranjitmaslik uchun.

“Zamon o’zgardi, biz buni tan olishimiz kerak. Dunyo ilgarigidan farq qiladi. Odamlar ko’proq sayohat qilyapti, bir joydan boshqasiga ko’chyapti. Dinlarning jamiyatdagi o’rni ham o’zgarmoqda”, - deya qaroriga tushuntirish berdi gubernator.

Lekin bunday o’zgarishga qarshi chiqayotganlar bor. Minglab amerikalik shikoyat qilib, uzoq asrlik muqaddas an’anani himoya qilishni so’rab gubernatorga maktub yo’lladi. Bir kongressmen esa shtat qonunchilik idorasida archa chiroqlarini yoqish marosimini aynan gubernator o’z archasini yal-yal yondirib, yoritgan kunga to’g’riladi.

Jeynis Krauz Amerikadagi eng yirik nasroniy ayollar tashkiloti vakili:

Oq Uyga olib kelinayotgan archa

Oq Uyga olib kelinayotgan archa

“Rojdestvo bayrami yaqinlashar ekan, bag’rikenglik¸ xilma-xillik va tenglik kabi qadriyatlar haqida og’iz ko’pirtirib gapiradiganlar birinchi bo’lib ayyomga qarshi chiqmoqda”.

AQSh aholisining deyarli 80 foizi o’zini nasroniy deb hisoblaydi va Iso Masih tavalludini nishonlaydi.

“Biz barcha dinlarni qadrlab, hurmatini joyiga qo’yamiz. Xristianlarga izzat ko’rsatsak nima qilibdi? Dinimiz siymolarini shahar markazlarida o’rnatish imkoniga ega bo’lishimiz kerak,” - deydi Krauz.

“Bizni amerikalik qiladigan ham aynan shu”, - deydi yana u.

Erika Simon Jorjtaun universitetida dindan dars beradi. Rojdestvo archasi har gal bahsga sabab bo’ladi, odamlar davlat va dinni ajratish haqida tortishadi.

“Gap ayyomni yoki xristian dinini Amerika jamiyatidan siqib chiqarishda emas. Masala archaning davlat muassasalarida yasatilishi va hukumatning bu an’anani qo’llashi ustida ketyapti, vaholanki davlat dinni qo’llamasligi kerak”, - deydi olima.

Prezident Barak Obama oilasi bilan Oq Uy oldidagi archa bayramida

Prezident Barak Obama oilasi bilan Oq Uy oldidagi archa bayramida

Qo’shma Shtatlarda “Christmas” – milliy bayram. Sud qaroriga ko’ra, archa dinni emas, balki shodiyonani aks ettiruvchi siymo bo’lib, u yoki bu yerda o’rnatilishi davlat siyosatiga zid emas. Demak, daraxt Kapitoliyda ham, boshqa davlat idoralarida ham yasatilishi mumkin.

Shunga qaramay, archa dinni aks ettiradi, deyayotganlar talaygina.

“Archa menga Isoni eslatadi, axir buning asl sababi va mohiyati aynan shunda”, - deydi Krauz.

Yangi yil arafasida savdo qiziydi

Yangi yil arafasida savdo qiziydi

Dinshunos olima Erika Simon fikricha, gubernator archani “bayram daraxti” deya atab, fuqaroga buni o’zicha talqin etish imkonini berdi.

“Jamiyatda har xil e’tiqod vakillari yashar ekan, hukumat shunchaki masalaga xolis yondashishga harakat qilayotganini ko’rsatmoqchi. Din yoki diniy siymolar mohiyatini muhokama qilayotgani yo’q, ularni qo’llash niyati ham yo’q”, - deydi Simon.

Davlat idoralarida archa yasatilar ekan, bu an’ananing mohiyati ustida bahslar ham davom etadigan ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG