Breaking News

Dubay yana gullab-yashnamoqda


Jahon iqtisodiy inqirozidan 2,5 yil o’tib Dubay yana gullab-yashnayotgan ko’rinadi. Sarmoyadorlar ham, sayyohlar ham beqarorlik girdobiga sho’ng’igan Yaqin Sharqdagi bu tinch va osoyishta shaharga katta umid bilan qaramoqda.

Dubay yana o'smoqda, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:25 0:00
Yuklab oling

Palma daraxti shaklidagi orol va dunyodagi eng baland bino. Gap Dubay haqida ketayotganini tushunish qiyin emas. Bu shahar 2008-2009-yillardagi global moliyaviy inqirozdan jiddiy aziyat chekkan edi. O’shanda Birlashgan Arab Amirliklarinining bu qismida ishlaydigan aksar xorijliklar vataniga qaytgan edi, ko’plab qurilish ishlari ham vaqtincha to’xtatildi.

Endi esa qurilish sektori yana jonlandi. Yangi loyihalardan biri – Muhammad ibn Rashid shahrining bunyod etilishi. Dubay amiri nomini olgan bu joyda 100 ta mehmonxona, beshta park hamda dunyoning eng katta savdo markazi joylashtiriladi. Hozircha bu boradagi birinchilik Dubay savdo markaziga tegishli.

O’tgan hafta rasmiylar eng mashhur firma va kompaniyalar mahsulotlari sotiladigan do’konlar majmuasi qurilayotganini e’lon qildi. Undan oldin esa dunyodagi eng baland aylanma minoraning ochilish marosimi bo’lib o’tgan edi.

Ba’zilar Dubaydagi farovonlikni tabiiy hol deb bilsa, boshqalar Yaqin Sharqdagi inqiloblar bu yerning gullab-yashnashiga hissa qo’shganini aytadi.

G’iyos Go’kent Abu Dabi Milliy banki bosh iqtisodchisi.

“Iqtisodiy faoliyatda o’sish kuzatilmoqda. Albatta, bunga Birlashgan Arab Amirliklaridagi tinchlik va xavfsizlik sabab. Mintaqaning boshqa mamlakatlarida beqarorlik hukm surayotgan davrda Dubay xuddi magnitdek odamlar va kapitalni o’ziga tortmoqda. Statistika ham bunga dalil”, - deydi u.

Ma’lumotlarga ko’ra, Dubay iqtisodi 2012-yilda 4,4 foizga o’sgan. Bu so’nggi besh yildagi eng baland ko’rsatkich.

Ko’chmas mulk narxlari inqiroz paytida 50 foizga pasaygan edi, endi esa yana ko’tarilmoqda.

Shveysariyadagi “IMD” Jahon raqobatbardoshlik tadqiqotlari markazi direktori Stefani Garellining aytishicha, Dubay rahbariyati sarmoyadorlar manfaatlarini ko’zlab izchil siyosat olib borishi natijasida amirlik barqaror iqtisodiy o’sishga erishmoqda.

“Ba’zida inqirozlar ijobiy rol o’ynaydi, chunki ular iqtisodiy modelning puxtaligini tekshirishda, hukumatning naqadar samarali ishlay olishini bilishda yordam beradi. Birlashgan Arab Amirliklarida ham aynan shuning guvohi bo’ldik. Bundan 2-3 yil avval ko’plar bu yerdagi ahvol va siyosatga shubha bilan qarardi. Ammo hukumat inqiroz paytida olib borgan siyosat haqiqiy bozor iqtisodiyoti mavjudligi va ko’rilayotgan choralar asosli ekani isbotladi”, - deydi tadqiqotchi.

Biroq katta ko’lamli loyihalar zarurligini shubha ostiga olayotganlar ham bor. Chunki ularni bunyod etish juda katta mablag’ talab etadi. O’tgan oy Dubayda Toj Mahal maqbarasining nusxasini qurib bitkazish muddati bir yilga kechiktirilgani ma’lum qilindi.

Qurilishda ishlaydigan xorijliklar huquqlarining toptalishi, ayrimlari quldek ishlatilishi haqida ham shikoyatlar ko’p uchraydi.

Amirlik Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Abdul Rahim Yusuf al-Avadiy bunday hollarga yo’l qo’yilmasligini ta’kidlaydi.

“Bu kabi jinoyatlarga qarshi qonunlar bor, qonunbuzarliklarni aniqlaydigan xizmatlar ham ishlab turibdi. Bunday illatga qarshi kurashishga tayyormiz”, - deydi u.

Yaqin Sharqda beqaror vaziyat davom etar ekan, Dubay tinch va osoyishta, deydi mintaqada faoliyat yuritadigan “Invesco” kompaniyasi rahbari Nik Tolchard.

“Arab bahori ko’p yilga cho’ziladigan jarayon ekaniga shubha qolmadi. Demak, Birlashgan Arab Amirliklariga olib kelingan kapital bu yerda uzoq davr mobaynida qoladi, olib chiqilmaydi,” – deydi iqtisodchi.

Mamlakatlardagi iqtisodiy ahvolning naqadar barqarorligini aniqlaydigan va shu haqda reyting tuzadigan “MSCI” agentligi o’tgan hafta Birlashgan Arab Amirliklarini yangi iqtisoddan rivojlanayotgan iqtisod toifasiga ko’tardi. Buning oqibatida xorijiy sarmoyalar oqimi kuchayishi shubhasiz. Masalan, Britaniyaning “HSBC” investitsiya kompaniyasi bu mamlakatga har yili kiritadigan sarmoyasi hajmini 370 million dollarga ko’paytirishni rejalamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG