Breaking News

Mustafo Jemilev: Qrimning Rossiya tarkibiga kirishi tatarlar uchun tuzoq


Mustafo Jemilev, qrim-tatarlar yetakchilaridan biri, Milliy Majlis sobiq raisi
Mustafo Jemilev, qrim-tatarlar yetakchilaridan biri, Milliy Majlis sobiq raisi
16-mart kuni Qrimda bo’lib o’tgan referendum natijasida yarimorol Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirdi. Dunyodagi aksariyat mamlakatlar referendum natijasini tan olmadi. “Qrim Rossiyaga qaytdi” deydi rasmiy Moskva. Kiyev esa hududi kuch bilan tortib olinganini aytadi.

Aksariyat aholisi ruslar bo’lgan Qrim yangi boshqaruv tizimiga o’tmoqda. Ozchilikdagi tatarlar esa xolidan mamnun emas. Qrim-tatarlarning ko’zga ko’ringan yetakchilaridan biri Mustafo Jemilev hozir Vashingtonda. Kecha u Karnegi markazida yarimoroldagi vaziyat va mahalliy tatarlarning unga munosabati xususida fikr bildirdi.

Qrimda ikki millionlik aholining katta qismi Rossiyaga qo’shilganini bayram qilar ekan, o’zini yerli xalq deb biluvchi tatarlar referendum natijasini tan olmay norozilik bildirmoqda.

Ularning manfaatlarini himoya qiluvchi Milliy Qurultoyning ijroiya organi hisoblangan Milliy Majlis rahbarlari so’nggi kunlarda Yevropa Ittifoqi va AQSh rasmiylari bilan uchrashib, ularni Rossiyaning Qrimni o’ziga qo’shib olish harakatiga qarshi keskin chora ko’rishga chaqirmoqda.
Mustafo Jemilev: Qrimning Rossiya tarkibiga kirishi tatarlar uchun tuzoq
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:48 0:00
Yuklab oling

G’arbning Rossiya harakatlariga sust munosabatidan afsusdaman, deydi Milliy Majlisga 23 yil raislik qilgan Mustafo Jemilev.

Jemilev Sovet davlatiga qarshi kurashda ayblanib, jami 15 yil qamoqda o’tirgan, tatarlar Qrimdan 1944-yilda deportatsiya qilinganida bir yoshga ham to’lmagan edi. 1989-yilgacha u Toshkentda yashab, oilasi bilan Qrimga qaytadi.

Jemilev shu kunlarda Qo’shma Shtatlarda. “Biz referendum natijalarini tan olmaymiz, uni boykot qilganmiz. Qrim tatarlarining atigi yarim foizi jarayonda ishtirok etgan”, deydi u.

Referendum natijalarini G’arb ham qabul qilgani yo’q. Qo’shma Shtatlar Rossiyaning Qrim siyosatiga aloqador rasmiylarining hisob raqamlarini muzlatishga, Yevropa Ittifoqi esa ularni hududga kiritmaslikka qaror qildi.

Ammo Jemilev G’arbning Rossiyaga nisbatan jazo choralarini filga sanchilgan ignaga qiyoslaydi.

"Sanksiyaga duchor bo’lgan rasmiylar Yevropaga boradimi, yo’qmi, aniq emas. Pullarini esa ular xorijiy banklardan ancha oldin chiqarib olgan, deydi Jemilev. Uning aytishicha, sanksiyalarni kuchaytirish kerak. Masalan, Yevropa Rossiyadan gaz xarid qilishni to’xtatishi kerak. Rossiya daromadning 60 foizini yonilg’i eksportidan oladi. Albatta, bu Yevropaning hamyoniga urishi mumkin. Lekin Rossiyani hozir to’xtatmasak, ertaga uning qo’shinlari Bryusselga oyoq qo’yishi mumkin. Bu esa G’arbga ancha qimmatga tushadi", - deydi Mustafo Jemilev.

Unga ko’ra, Qrimda Rossiya ta’sirini kamaytirish uchun yarimorolga BMT tinchlikparvar kuchlarini yoki NATO qo’shinlarini kiritish lozim. Biroq shu bilan birga keksa faol Qrimda qon to’kilishini istamaymiz, deydi.

Bu xalq vakillarining xavotiri shuki, Rossiya Imperiyasi davrida Qirolicha Yekaterina Ikkinchi tomonidan ta’qib etilgan, so’ng Sovet Ittifoqi paytida Iosif Stalin buyrug’iga ko’ra Qrimdan haydalib, ittifoq qulashi oqibatida, salkam yarim asrdan so’ng yurtiga qaytish baxtiga muyassar bo’lgan qrim-tatarlar 23 yildan keyin yana badarg’a qilinishi yoki o’z yerida kamsitilishi mumkin.

Agar qrimlik ruslar tarixiy vatani bilan bir bo’lishni istasa, bunga qarshiligimiz yo’q, biroq bu tatarlar yerida va ularning hisobiga bo’lmasligi kerak, deydi Mustafo Jemilev.

"Rossiyada ularning yaqinlari bor, madaniyati bor, buni tushunamiz. Biz ham bir vaqtlar o’zga yurtda Vatanga qaytish umidi bilan yashaganmiz, bu yo’lda kurashganmiz, ammo hech vaqt buning uchun O’zbekistonni Qrimga qo’shib olishimiz kerak, demaganmiz. Vaqti kelganda chamadonimizni ko’tarib, yurtimizga qaytganmiz", - deydi bu xalq yetakchilaridan biri.

Mustafo Jemilevga ko’ra, Qrimning Rossiya tarkibiga kirishi tatarlar uchun bir tuzoqdir.

"Bundan keyin referendumlar haqida, Qrim maqomini qayta ko’rib chiqish haqida og’iz ochib bo’lmaydi. Rossiya Jinoyat kodeksining 280-moddasiga ko’ra, mamlakat hududining qonuniyligiga doir har qanday da’vo separatist harakat sifatida ko’rilib, besh yilgacha qamoq muddati bilan jazolanadi", - deydi Mustafo Jemilev.

Uning aytishicha, 18-aprelga qadar Qrim aholisi fuqarolik xususida bir qarorga kelishi kerak. Ukraina pasportini saqlab qolmoqchi bo’lganlar xorijiy fuqaroga aylanib, bundan keyin davlat idoralarida ishlash, saylash kabi huquqlardan mahrum bo’ladi.

Aytish joiz, Mustafo Jemilev Kiyevdagi hukmron partiyadan Ukraina parlamentida deputat. U Rossiya fuqaroligini qabul qilmoqchi va noiblik mandatidan voz kechmoqchi emas. Faolga ko’ra, so’nggi kunlarda Qrimdagi vaziyatdan tashvishlangan tatarlarning besh minggi Ukrainaning g’arbiy viloyatlariga bosh olib ketdi.

Biroq hayot davom etmoqda, Qrim tatarlarining kundalik muammolari bilan ham shug’ullanish kerak, deydi u. Shu munosabat bilan qurultoy o’tgan hafta majlis qilib, qrim-tatarlardan ikki vakilni yarimorol boshqaruv organiga tavsiya qildi. Biri Qrim Respublikasi hukumati raisining o’rinbosari lavozimida ishlaydi, ikkinchi vakil esa millatlar masalalari bo’yicha qo’mita raisi bo’ladi.

Shunga qaramay, deydi Mustafo Jemilev, Milliy Majlis Qrimning Rossiyaga qo’shib olinishini noqonuniy harakat, istilo deb baholash qaroridan qaytmaydi.

Milliy Majlis yarimorolda tatarlar manfaatlarini himoya qilayotgan yagona tashkilot emas. Ulardan yana biri Milliy Firqa majlisning hozirgi siyosatiga qarshi. Bu guruh yetakchilariga ko’ra, tatarlar kelajagini Yevropa bilan emas, balki Yevrosiyo, Rossiya bilan ko’radi.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG