Amerikada saylovga sanoqli kunlar qoldi

  • Amerika Ovozi

So'rovlarga ko'ra, Shimoliy Karolinada Klinton oldinda, Ogayoda esa Tramp.

So'rovlarga ko'ra, Shimoliy Karolinada Klinton oldinda, Ogayoda esa Tramp.

Qo'shma Shtatlarda prezident saylovlariga ikki hafta vaqt qoldi. Oq uy uchun kurashayotgan nomzodlar esa hal qiluvchi shtatlarda o'zaro kuch sinashmoqda. Demokrat Xillari Klinton 69-tavallud kunini Floridada o'tkazdi.

Respublikachi Donald Tramp ham shu shtatda targ'ibot kampaniyasini olib borayapti. Tramp, shuningdek, chorshanba kuni poytaxt Vashingtonda to'xtab o'tib, o'zining hashamatli yangi mehmonxonasini ochib berdi.

Poytaxtdagi Eski pochtaxona binosida qad ko'targan Tramp mehmonxonasi yonida odamlar namoyishga chiqdi. Bu yig'inni Trampning Las-Vegasda qurgan otelida ishlab, haq olmagan ishchilar manfaatlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmasi o'tkazdi.

Tarixiy imorat asosida qurilgan mehmonxonasini ko'z-ko'z qilar ekan, Tramp prezident sifatida ana shunday muhtasham ishlar qilishini ta'kidladi.

"Bu kabi loyihalar uddaburon jamoa nimalarga qodir ekanini namoyish etadi", - dedi respublikachi nomzod. "Hukumat bilan ishlashni bilishimni ham namoyish qildim, mana. Byudjet bilan ishlashni, yumushni muddatidan oldin bitirishni doim uddalaganman", - dedi u.

Ijtimoiy so'rovlarda Xillari Klintonga yetishib olishga harakat qilayotgan Tramp har xil sinf fuqarolari, jumladan, isroillik amerikaliklar bilan uchrashmoqda.

"Mening ma'muriyatim yahudiylar va Isroil rahbarlari bilan yelkama-yelka ishlab, ikki yurt aloqalarini mustahkamlaydi", - dedi Tramp.

Uning demokrat raqibi ham hal qiluvchi shtatlarga diqqatini qaratmoqda.

"Har bir ovoz qimmatli, hal qiluvchi ahamiyatga ega. Florida saylov natijasini hal qilishi mumkin. Siz 8-noyabrda saylovga chiqsangiz, g'alaba bizniki bo'ladi", - dedi Klinton.

Bu orada, Kaliforniyada, Gollivudda Donald Tramp sharafiga yulduzlar yo'lagiga qadalgan yulduz buzib ketilgan. Bu ishni qilganlik gumoni bilan bir kishi hibsda.

Erta saylovlar boshlandi

35 shtatda erta saylovlar boshlandi. Ham demokrat, ham respublikachilar fuqarolarni saylovga chiqishga da'vat etayapti. Ovozlar deyarli teng ketayotgan Shimoliy Karolinada fuqarolar saylov uchastkalariga oshiqmoqda.

Shimoliy Karolina ahli prezidentga erta ovoz bera boshladi.

"Ikki nomzod shu qadar farq qiladiki, bahs shu qadar qizg'inki, shart mashinamga o'tirib, saylovda ovoz berdim", - deydi mana bu fuqaro.

"Noqonuniy muhojirlar yurtimizga kelmasin, ish joylarimizni tortib olmasin. O'zim nafaqadaman, lekin menga baribir emas", - deydi mana bu suhbatdosh.

So'rovlarga ko'ra, Shimoliy Karolinada Klinton oldinda, Ogayoda esa Tramp.

"Saylovchi qanchalik oson ro'yxatdan o'ta olsa, shunchalik ko'p odam saylovga chiqadi", - deydi siyosatshunos Charls Prisbi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG