Yerdagi iqlimni o'rganishda mini-yo'ldoshlar qo'l keladi

  • Amerika Ovozi

Sun'iy yo'ldosh

Sun'iy yo'ldosh

Yer quyoshdan qancha energiya oladi va uning qanchasini ortga qaytaradi? Bu savolga aniq javob berish qiyin. Shunisi aniqki, bu ikki jarayon o’rtasidagi farq sayyoramiz haroratini belgilaydi. AQShning Jons Xopkins universiteti olimlari “kubsat” nomini olgan kichik va arzon sun’iy yo’ldoshlar yordamida haroratni o’lchashga harakat qilmoqda.

“Kubsat” deb atalgan moslama uncha katta emas, ammo unda datchik va boshqa asboblar uchun joy yetarli.

So’nggi yillarda ilm-fan sohasida qilingan kashfiyotlar tufayli arzon va yengil sun’iy yo’ldoshlar ishlab chiqarish imkoni paydo bo’ldi. Ularda ilgari katta raketalarda joylashtirilgan uskuna – aloqa, navigatsiya va quvvat generatorlari o’rnatilgan. Vazifa ham aniq.

Amaliy fizika laboratoriyasi hozirgacha orbitaga ikki kubsat uchirdi. Yana bir nechasini uchirish rejalangan.

Bill Shvarts RAVAN loyihasining bosh olimi. Loyihadan maqsad yerda iqlim o’zgarishini kuzatish va bashorat qilish.

“Bu apparatlar yordamida quyoshdan kelayotgan radiatsiya va yerdan koinotga uzatilgan radiatsiya nisbati o’lchanadi. Iqlimni aynan shu ko’rsatkichga qarab o’rganish mumkin”.

Sun’iy yo’ldoshning radiometr deb atalgan asosiy sensori qora materialdan yasalgan, ya’ni uglerodli nanotrubkadan.

“Bu texnologiyaning ajoyib bir jihati shundaki, u juda pishiq, yengil va qop-qora. Yer yuzidan aks etadigan radiatsiyani o’lchash uchun aynan shunday material kerak,” - tushuntiradi Shvarts.

Global iqlimni kuzatuvchi kichik hajmli ilk sun’iy yo’ldosh yerdan 550-750 kilometr masofada joylashtiriladi.

Keyinchalik 30-40 ta kubsat majmuasi fazoga uchiriladi. Ular yerning turli nuqtalaridan radiatsiya miqdorini bir paytning o’zida o’lchaydi. Maqsad quyidagi savolga javob topish: kelajakda sayyoramizda iqlim qanchalik o’zgaradi?
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG