Kuba ebolaga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlikka tayyor

  • Amerika Ovozi

Kuba sobiq rahbari Fidel Kastro

Kuba sobiq rahbari Fidel Kastro

Kuba sobiq rahbari Fidel Kastro G'arbiy Afrikada ebola virusiga qarshi kurashda Kuba AQSh bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

88 yashar arbobning radio orqali o'qib eshittirilgan bayonotida aytilishicha, Kuba bu ishni Amerika bilan aloqani yaxshilash uchun qilayotgani yo'q.

"Bu jahon tinchligi uchun qilinayotgan ish", - deyiladi Kastro bayonotida.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Kubaning bu boradagi harakatlarini yuqori baholadi. Unga ko'ra, atigi 11 million aholisi bor bu davlat G'arbiy Afrikaga 165 tibbiy mutaxassisini yubordi va yaqin kunlarda yana salkam 300 nafarini safarbar qilmoqchi.

Kuba azaldan dunyodagi favqulodda holatlarda yordam qo'lini cho'zib keladi.

"Xalqaro tashkilotlar halokatli virusga qarshi yordam so'raganida bir daqiqa ham kutmadik. Kuba og'ir kunlarda barchaga birday yordam berib kelgan", - deyiladi Kastro bayonotida.

Aytish joiz, AQSh va Kuba raqib davlatlar, o'rtada diplomatik aloqa yo'q.

Gumanitar yordam bilan shug'ullanuvchi Oksfam agentligi Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlaridan ebola virusiga qarshi kurashda faolroq bo'lishga chaqirdi.

Britan tashkiloti rahbari Mark Goldringning aytishicha, virus epidemiyasidan jiddiy zarar ko'rgan Syerra-Leone, Gvineya va Liberiyaga qo'shimcha askar, tibbiy mutaxassislar yuborish, qo'shimcha pul ajratish zarur.

"Davlatlar chora ko'rmasa, insonlar nobud bo'lishda davom etadi", - deydi u.

Jahon soq'liqni saqlash tashkilotiga ko'ra, G'arbiy Afrikada eboladan 4500 dan ziyod odam o'lgan. Yil oxirigacha qurbonlar soni bir necha mingga ko'payishi bashorat qilinmoqda.

AQSh Prezidenti Barak Obama kecha milliy xavfsizlikka javob beruvchi mutasaddilar va tibbiy ekspertlar bilan Amerikada ebolaga qarshi qanday kurashish kerakligi haqida gaplashgan.

Dushanba kuni Kanada Jahon sog'liqni saqlash tashkilotini ebolaga qarshi 800 ta eksperimental vaksina bilan ta'minlashini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG