Ebola virusiga qarshi kurashgan bosh shifokor olamdan o'tdi

  • Amerika Ovozi

Syerra-Leoneda Ebolaga qarshi kurashayotgan yetakchi doktorlardan biri kasallik virusiga chalinib olamdan o'tdi.

Mamlakatning sog'liqni saqlash bo'yicha mas'ul rasmiysi bergan ma'lumotga ko'ra, 39 yoshli doktor Umar Xon 29-iyul kuni tushdan so'ng vafot etgan.

Doktor Xonga virus yuqqani aniqlanidan so'ng bir hafta o'tmay u vafot etgan. Shifokor xastalangan kuni Syerra-Leone prezidenti Ernest Bay Koroma u ishlayotgan tibbiy markazga tashrif buyurishi kutilayotgan edi.

100 dan ortiq Ebola bilan og'rigan bemorlarni davolagan yosh doktor Syerra-Leoneda qahramon sifatida e'tirof etilgan edi.

Xon ishlagan kasalxonada yana uch hamshira Ebola virusini yuqtirib olamdan o'tgan.

Mamlakatda kasallikning tarqalishi shu yilning fevral oyidan boshlangan. Rasmiylarga ko'ra, bu shu paytgacha kuzatilgan eng katta tahdiddir.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, bugungacha G'arbiy Afrikada 672 kishi Eboladan halok bo'lgan. Ularning 319 nafari Gvineyadan, 224 tasi Syerra-Leonedan hamda qolgan 129 tasi Liberiyadan.

Kasallikning davosi mavjud emas. Uning simptomlari isitma, qusish, ich ketishi va qon oqishi kabi alomatlarni o'z ichiga oladi. Virus og'iz so'lagi, qon, siydik kabi badandan chiqadigan suyuqliklar orqali boshqalarga yuqishi ma'lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG