Breaking News

Ebola xavfi butkul bartaraf etilmagan


Yetti joyda kasallik qaytgan. Liberiya, Siyerra Leone va Gvineyada.
Yetti joyda kasallik qaytgan. Liberiya, Siyerra Leone va Gvineyada.

G’arbiy Afrikada Ebola epidemiyasidan 10 ming kishi nobud bo’ldi. Hozirda vaziyat nazorat ostida. Lekin xavf butkul bartaraf etilmagan.

2014-yilda tarqalgan virus yaqin o’tmishdagi eng dahshatlisi, deydi shifokorlar. Qayta avj olmasligi uchun keskin choralar zarur.

Afrika g’arbidagi davlatlar bugun Eboladan xoli deya e’lon qilingan. Biroq hukumatlar ogoh turmasa, kasallik yana tarqala boshlashi mumkin. Vaziyatni o’rgangan mutaxassislar xavotirda.

Barb Marston, amerikalik yetakchi ekspert:

“Ebola shunday viruski, unga chalinib, tuzalgan odamlar bu kasallikdan butunlay qutula olmaydi. Kasallik qaytishi mumkin. Yetti joyda kasallik qaytgan hollarni kuzatdik. Liberiya, Siyerra Leone va Gvineyada. Jami yetti bemorni aniqladik. Ebolani hali yengganimiz yo’q”.

Xush xabar shuki, ko’plab davlatlar unga qarshi kurashni yo’lga qo’ygan, deydi Desmond Uilams:

“Shu yilning mart oyida Gvineyaning olis bir nuqtasida bir kishidan bu virus topildi. Tekshirsak, u Liberiya poytaxti Monroviyadan ko’chib borgan odam ekan. Ikki davlat rahbariyati Ebolaga qarshi birgalikda chora ko’rayotgani uchun ham kasallik qayta tarqalmadi. Zarar kamroq bo’ldi”.

“Uch mamlakatda e’tiborni nazorat, ilmiy tadqiqot va mutaxassislar tayyorlashga qaratayapmiz. Amerika shu borada yordam bera oladi. 50-60 kishidan iborat tibbiy guruhlar tuzib, mahalliy maskanlar bilan hamkorlik qilgan holda aholi orasida bu kasallikning oldini olish ishlari bilan mashg’ulmiz. AQSh Yuqumli kasalliklarga qarshi kurash markazi ko’maklashayapti”, - deydi Marston.

Epidemiya tugadi, lekin AQSh laboratoriyalarida Ebola virusi yuzasidan izlanishlar davom etmoqda. Atlanta shahridagi Emori universitetida Kollin Kraft boshchiligida qator tajribalar o’tkazilmoqda. Bu virusni yo’q qilish - asosiy maqsad.

“Nebraska, Emori va Belvyu universitetlari birgalikda NETEC degan guruh tashkil etgan. Ebolaga qarshi kurashuvchi ilmiy markaz. Vazifamiz - tibbiy xodimlarning malakasini oshirish, aynan bu virus bilan ishlovchi mutaxassislar tayyorlash va har bir kasalxonaga borib, Ebolaga chalingan bemorlarga qarash usullarini o’rgatish”, - deydi Kraft.

Kasalliklarni bartaraf etish uchun pulning o’zi yetmaydi. Bilim va malaka ham, tabiiyki, juda zarur. Yangi viruslar - yangi mashaqqat.

Afrikada Ebola desangiz, odamlar sergak tortadi, chunki minglab kishi undan jon berdi. Tuzaldim deganlar ham qo’rquvda yashaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG