Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ebolaga qarshi o'z vaqtida chora ko'rmaganini tan olmoqda

  • Amerika Ovozi

Syerra-Leone

Syerra-Leone

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti G'arbiy Afrikada ebola virusiga qarshi o'z vaqtida chora ko'rmaganini tan olmoqda. Natijada kasallik keng tarqalib ketdi. Qator mamlakatlardan tibbiy mutaxassislar Jenevada uchrashib, tashkilotning bunday kasalliklarga qarshi chora ko'rish salohiyatini isloh qilish xususida fikr almashdi.

Jahon sog'liqni saqlash agentligini ebola virusining tarqalishiga o'z vaqtida to'siq qo'ymaganlikda, "Chegara bilmas shifokorlar" kabi tashkilotlarning G'arbiy Afrikada kasallik ko'lami haqidagi ogohlantirishlariga quloq solmaganlikda ayblashda davom etishmoqda.

Agentlik rahbari Margaret Chen ebola virusiga doir maxsus yig'ilishga to'plangan delegatlarga tashkilot sustkashlikka yo'l qo'yganini tan oldi.

“Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, umuman butun dunyo bunday bo'lishini oldindan bashorat qila olmadi. Ebola kelajakda bunday kasalliklarga qarshi oldindan chora ko'rish uchun hammaga saboq bo'lgan bir fojeadir. Dunyo bundan buyon shoshib qolmasligi, doim tayyor turishi kerak”, - deydi Margaret Chen.

Tashkilot hisobiga ko'ra, ebola 8600 dan ziyod odamni nobud qildi, 21700 dan oshiq kishi virus bilan kasallangan, asosan Gvineya, Syerra-Leone, Liberiyada.

Virus paydo bo'lib uch oy davomida tarqalgandan so'nggina uni 2014-yil marti oxirida Gvineyada aniqlashdi. Ammo unga qadar kasallik G'arbiy Afrikani qamrab olishga ulgurdi.

Syerra-leonelik hamshira Rebekka Jonson eboladan tuzalishga muvaffaq bo'ldi. Bu juda ham dahshatli kasallik, deydi u. U erta muolaja tufayli tirik qolganini aytadi. Uch haftadan so'ng esa unga eboladan sog'aygani haqida spravka berishdi.

“Shunga qaramasdan ko'plar menga kasalga qaraganday qarashadi. Yon-atrofimdagi odamlar meni ajratdi. Ba'zida tinch joyga borib, ko'z-yosh to'kaman. Eboladan dori hali topilmagan bo'lsa-da, odamlarga muolaja erta boshlansa, omon qolish mumkin ekanini aytaman", - deydi Jonson.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ebola bo'yicha maxsus vakili Deyvid Nabarroning aytishicha, BMT tizimi bunday holatlar bilan tez shug'ullanishga tayyor turishi kerak.

“Tajribamdan shuni bilamanki, bunday vaziyatlarda muvaffaqiyatga erishish uchun tez va dadil harakat qilish, strategiyaga ega bo'lish shart. Kim nima qilishi, tomonlarning vazifa va majburiyatlari oldindan belgilanishi, mavjud tizimlar asosida chora ko'rish zarur. Favqulodda vaziyatlarda yangi usullar o'ylab topish osonmas va ebola misolida ko'rib turganimizdek, juda ham qimmatga tushadi”, - deydi Deyvid Nabarro.

BMT vakiliga ko'ra, biror kasallik paydo bo'lganida ishni mahalliy jamoalardan boshlash kerak. Mahalliy hukumatlar jamoalar bilan ishlasa, xalqaro miqyosda epidemiyani jilovlash osonlashadi, deydi u.

Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining bildirishicha, ebolaning tarqalishi davlatlarning va xalqaro tashkilotlarning favqulodda tayyorgarlik va chora ko'rish salohiyatini isloh qilib, kuchaytirish zaruratini ko'rsatdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG