Ebola virusidan bir amerikalik vafot etdi

  • Amerika Ovozi

G’arbiy Afrika mamlakatlari bo’ylab o’limga yetaklovchi Ebola virusi tarqalishda davom etmoqda. Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, bu ushbu kasallik bilan bog’liq shu paytgacha kuzatilgan eng katta endemiyadir. Xalqaro hamjamiyat yetakchilari vaziyatni yaqindan kuzatib bormoqda.

Syerra-Leone Ebola tez tarqalayotgan davlatlardan. Chegara bilmas shifokorlar ishlashi uchun ham vaziyat xatarli.

“Ayni lahzalarda aysberg ustida o’tirgandekmiz. Tashqariga chiqib boshqa bemorlarni qidirishga imkonimiz yo’q”, - deydi klinika boshqaruvchisi Anya Volz.

Jahon Sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, Syerra-Leone, Gvineya, Liberiya va Nigeriyada kasallik 670 dan ziyod odam hayotiga zomin bo’lgan.

Ular orasida Syerra-Leonening Ebolaga qarshi kurashgan bosh shifokori Umar Xon hamda AQSh fuqarosi Patrik Soyer bor.

“Unga singlisidan yuqgan. Bir necha hafta oldin singlisi Eboladan vafot etgan ekan. Unda Ebola borligini bilishmagan”, - deydi Soyerning rafiqasi.

AQSh Davlat departamenti Patrikning o’limini tasdiqladi.

“Liberiyada virus yuqtirgan AQSh fuqarosi Nigeriyada vafot etganini tasdiqlaymiz. U virus bilan kasallangan holda Nigeriyaga safar qilgan”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi Mari Xarf.

Hukumat safarlarni taqiqlash haqida qaror qabul qilmagan. Oq uyga ko’ra, havo orqali sayohat qilish xavfsiz.

Kasalliklarni nazorat qiluvchi AQSh markazi vahima qilishga hojat yo’qligini ma’lum qilgan.

“Markazga ko’ra, mazkur Ebola endemiyasi AQSh uchun jiddiy xavf solayotgani yo’q”, - deydi Mari Xarf.

Prezident Obama ham vaziyatni muntazam kuzatib borayotgani aytiladi. Oq uy so’zlovchisiga ko’ra, keyingi haftaga belgilangan AQSh va Afrika yetakchilari anjumani o’z vaqtida o’tadi.

Endemiyaning oldini olish bu safar har qachongidan ham qiyinroq bo’ladi, deydi Texas universiteti tadqiqotchisi Tomas Geysbert.

“G’arbiy Afrikadagi bu endemiyani to’xtatishning qiyinligi shundaki, juda katta hududda bir paytning o’zida virus yuqtirish holatlari kuzatilmoqda. Bunga tayyor emasmiz”, - deydi mutaxassis.

Dunyoning boshqa mamlakatlarida ham virusga qarshi ehtiyot choralari ko’rilmoqda.

AQSh Tinchlik korpusi hamda “Samaritan hamyoni” kabi yordam tashkilotlari virus tarqalgan hududlarga ko’ngillilarini jo’natgan. Ammo ular ham xavf ko’lami pasayguncha o’z vakillarini mintaqadan vaqtincha chaqirib olishga qaror qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG