Yevropa Banki va O'zbekiston hamkorlikni tiklamoqchi


Bosh qarorgohi Londonda joylashgan Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshliq delgatsiya O'zbekistonga safar qildi

Bosh qarorgohi Londonda joylashgan Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshliq delgatsiya O'zbekistonga safar qildi

Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki rahbari O'zbekiston hukumati bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun Toshkentga borgan. Mazkur bank O'zbekistonda marhum prezident Islom Karimov ishtirokida o'tgan yig'ilishni jonli efirga taqdim etishga muvaffaq bo'lgan xalqaro tashkilot sifatida yodda qolgan. Bank O'zbekistondagi faoliyatini inson huquqlari muammosi ko'tarilgan shu yig'indan keyin tugatgan. Tomonlar hamkorlikni tiklashga urinayotgani qanday o'zgarishlardan darak?

Bosh qarorgohi Londonda joylashgan Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshliq delgatsiya O'zbekistonga ikki kunlik safar bilan kelgan. Delegatsiya Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo'lishi aytiladi.

Chakrabarti O'zbekiston bilan hamkorlikni tiklashga muhim ahamiyat qaratgan:

“O'zbekiston Markaziy Osiyo integratsiyasi, iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim o'rin tutadi. Men YTTBning O'zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga doir muloqotni sabrsizlik bilan kutayapman”, - deyiladi bank tomonidan tarqatilgan ma'lumotda.

Demokratik qadriyatlar, bozor iqtisodiga o'tishdagi islohotlarni qo'llab-quvvatlashni maqsad qiluvchi bankning O'zbekistonda faoliyati to'xtab qolishi ham shunga bog'liq.

Bank O'zbekistonda Karimov ishtirokida inson huquqlari muhokama qilingan yig'ilishni jonli ko'rsatilishga muvaffaq bo'lgan. O'shanda bankning yillik yig'inini Toshkentda o'tkazish qarorini inson huquqlari tashkilotlari tanqid qilgan, ketidan anjuman jonli efirga uzatilgan edi.

2003-yilgi yig'ilish O'zbekiston televideniyesida namoyish qilingan, bank rahbariyatining huquqqa oid vaziyatni tanqid qilishi Islom Karimov tomonidan qanday kutib olingani ko'pchilikning yodida qolgan.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti eksperti Alisher Ilhomov Toshkentdagi yig'ilishda qatnashgan.

“Toshkentda o'tgan sammitda, albatta inson huquqlari tashkilotlari tomonidan ko'rsatilgan bosim tufayli, faollar inson huquqlariga oid muammolarni ko'tarishga muvaffaq bo'lishgan edi. 2003-yildagi siyosiy vaziyat nisbatan yumshoq bo'lishiga qaramasdan o'sha paytda ham siyosiy mahbuslar ko'p edi. Mamlakat televideniyesi orqali jonli ko'rsatilgan yig'inda hamma Islom Karimov inson huquqlariga oid tanqidga nisbatan qanday salbiy munosabat ko'rsatganining guvohi bo'ldi. Karimov, bank rahbari tanqid qilishni boshlar ekan, namoyishkorona uni eshitmay qo'ydi, vaholanki, u bu tanqidlarni o'rganib ko'ramiz deyishi ham mumkin edi”, - deydi Ilhomov.

O'zbekistonda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki faoliyati rasman yakunlanmagan, ammo bank 2010-yildan boshlab loyihalar moliyalashni to'xtatgan.

1993-yildan boshlab O'zbekiston iqtisodiga 894 million yevro investitsiya kiritgan. Bank ishining sekin-asta qisqarib borishi hukumatni bozor iqtisodiga o'tishni inkor qilishi, fuqarolik jamiyatiga nisbatan tazyiqlarni kuchaytirgani bilan izohlanadi.

“YTTB, boshqa yirik xalqaro moliyaviy tashkilotlardan farqli ravishda demokratik qadriyatlarni, inson huquqlari, bozor iqtisodiyotini qo'llab-quvvatlashni maqsad qiladi. Bu bankning nizomida ham ko'rsatilgan. O'zbekistondagi faoliyati aynan shuning uchun, nizomda ko'rsatilgan maqsadlar bajarilmagani uchun yakunlandi. Albatta, bu narsa Toshkentdagi yillik yig'ilishdan so'ng zudlik bilan bo'lgani yo'q, ammo bu yig'ilish islohotlar to'xtatilishiga ishora bo'ldi. Keyinchalik, ayniqsa, 2005-yildan so'ng hukumatning fuqarolik jamiyati sari qo'ygan nisbiy qadamlari ham butunlay to'xtadi, tazyiqlar kuchga kirdi, ko'plab xalqaro tashkilotlar O'zbekistonni tark etishga majbur bo'ldi. Yangi hokimiyat hozir yana islohotlar haqida gapirayapti, xalqaro tashkilotlar, jumladan YTTB ham biz bu va'dalarga befarq emasmiz demoqda, ammo hamkorlikning qanday davom etishi baribir O'zbekiston hukumatining siyosiy irodasiga bog'liq masala bo'lib qolaveradi”, - deydi Ilhomov.

Bankning O'zbekistonga uyushtirilgan safar yuzasidan taqdim etgan press-relizida Toshkent bilan hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyati yuzasidan muzokaralar borishi, tomonlar yuqori texnologiyalarni jalb etib, kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlashda manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yishi mumkinligi ta'kidlanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Fikringiz

XS
SM
MD
LG