Professor Ekstayn: Suv - mojaro emas, hamkorlikka yetaklovchi omil


Sirdaryo

Sirdaryo

Suv Markaziy Osiyoda eng tanqis resurslardan hisoblanadi. Suv taqchilligi mintaqa davlatlari orasidagi munosabatlarning sovuqlashishiga sabab bo’lmoqda.

Suv boshqaruvi bo’yicha amerikalik mutaxassis Gabriel Ekstayn yaqinda O’zbekistonda bo’lib, shu mavzuda uyushtirilgan seminarda qatnashdi. "Amerika Ovozi" mutaxassis bilan safar taassurotlari va tafsilotlari haqida gaplashdi.

SAVOL: Janob Ekstayn, bu O’zbekistonga ikkinchi tashrifingiz edi. Bu safar qanday maqsadda bordingiz?

EKSTAYN: “O’zbekistonga iyul boshida bordim. U yerda YUNESKO o’quv seminari tashkil etdi. Suv xo’jaligi bilan shug’ullanuvchi mahalliy mutaxassislar, vazirliklar vakillariga xalqaro va mamlakatlar chegarasi orqali o’tuvchi suvlardan foydalanish haqida ma’lumot ulashdim.

O’zbekistonda rasmiylar suv masalasini juda jiddiy qabul qilishadi - mahalliy va xalqaro miqyosda. Iqlim o’zgarishi suv tanqisligiga sabab bo’lmoqda. Suv sifati bo’yicha xavotirlar ham bor. Suv masalasi O’zbekiston rasmiylarini haqiqatan tashvishlantirayotganiga guvoh bo’ldim”.

SAVOL: Yuqori oqim davlatlari hisoblanmish Tojikiston va Qirg’iziston qurayotgan va O’zbekiston qarshilik bildirayotgan to’g’on va gidroelektrostansiyalar xususida mahalliy rasmiylar bilan gaplashish imkoni bo’ldimi?

EKSTAYN: “Biz Tojikiston va Qirg’izistonning suv masalasidagi siyosati haqida gaplashmadik. Kim haq, kim nohaq, O’zbekiston qanday chora ko’rishi kerakligi mavzusi ham ko’tarilmadi. Chunki seminarda yuqori lavozimli rasmiylar ishtirok etmadi. Mashg’ulotda xalqaro suvlarni boshqarishga doir qonunlarni muhokama qildik. Afrika, Janubiy Amerika, Shimoliy Amerika misollariga qaradik. Orol dengizi haqida gaplashmadik, chunki bu nozik masala. Seminardan maqsad bahs qilish, kim haqu kim nohaqligini aniqlash emas edi”.

SAVOL: Yaqin kelajakda suv mintaqada katta mojaroga yetaklashi mumkin degan qarashlar bor. Bunga qanday qaraysiz?

EKSTAYN: “Tarixan suv janjaldan ko’ra ko’proq hamkorlikka undagan. Suv uchun tarixda faqat bitta katta urush bo’lgan, u ham bo’lsa 4500 yil ilgari. So’nggi 1200 yilda 3600 dan ziyod suvga doir hujjatlar imzolangan. Suv boshqaruvi, suv taqsimoti, chegara suvlari, suvdan tushgan daromad taqsimotiga doir hujjatlar. Albatta, suv ustidan mojaro hammani tashvishga solishi tabiiy. Ammo bu tahdid bo’rttirilgan deb hisoblayman. Odamlar suv yetishmasa, asabiylashadi, ammo odatda bu hamkorlikka turtki beradi”.

SAVOL: Sibir suvlarini Markaziy Osiyoga yo’naltirish loyihasi ko’p muhokama qilingan. Unga munosabatingiz qanday?

EKSTAYN: “Suvni asl joyidan yuzlab, minglab kilometr masofaga ko’chirish haqidagi o’ylardan yiroqman. Buning uchun infratuzilma qiymati ulkan. Elektr quvvati ham arzon bo’lmaydi, chunki suvni tog’lardan oshirish uchun, yuqoriga olib chiqish uchun quvvat juda katta bo’lishi kerak, chunki suv o’gir. Bunday loyiha xarajatlari qoplanadi deb o’ylamayman. Shu kungacha men ko’rgan misollarda qoplanmagan.

Buning o’rniga mamlakatlar suv havzalarini to’g’ri boshqarishni o’rgangani afzal. Ya’ni mamlakatlar suv havzasining o’zidagi bo’lagini emas, balki havzani umumiy ravishda boshqarishga kelisha bilishi kerak”.

XS
SM
MD
LG