Virjiniyada tabiiy va ekologik toza maktab sinovdan o'tkazilmoqda

  • Amerika Ovozi

"Nol" raqamini maktabda xush ko'rishmaydi. Ammo "Kashfiyot" nomli boshlang'ich maktabda hamma bu bahodan xursand. Bu yerda gap o'quvchilarga berilgan baho emas, balki energiya tejamkorligi haqida ketyapti. Maktabning butun binosi quyosh panellari bilan qoplangan. Xonalar va jihozlar ham, o'qitish uslubi ham yangicha. Ulkan va ochiq laboratoriyani eslatadi.
"Kashfiyot" boshlang'ich maktabi nomiga mos.

Hatto oshxonada ham bolalar ovqatni isrof qilmaslikni o'rganadi. O'yin maydonida esa toza energiya manbalarini.

"Binodagi har bir tomda quyosh panellari bor. Bu energiyadan o'zimiz foydalanamiz, ortganini elektr kompaniyalariga sotamiz", - deydi maktabning texnologiyalar bo'yicha boshqaruvchisi Greg Rask.

Devorlarning uchdan bir qismi faqat oynalardan iborat. Maqsad ichkarini yorug'roqqilish va kam energiya sarflash.

Quyosh nuri yetib bormaydigan hududlarni yoritishda energiyaga tejamkor LED chiroqlaridan foydalaniladi.

"Juda ochiq bino, ovozlar aks-sado beradi. Ovozlarni ushlab qolish va o'quvchilar diqqatini bo'lmaslik uchun maxsus panellar o'rnatilgan", - deydi maktab ma'muri.

Sinfiga shoshayotgan bolalar zinalardan emas, sirpanchiqdan foydalanadi.

Har bir xona o'ziga xos dizaynga ega. O'qituvchilar va o'quvchilar o'zlari uchun darsga mos sharoit yaratib oladi.

"Ayrimlarda likillaydigan kursi bor. Boshqalarda sakraydigan yumshoq stul. Bunday ochiq va o'zgarib turadigan bino ularni birga ishlashga undaydi. O'qituvchilar esa birga ishlashning ahamiyatini ko'rsatib beruvchi loyihalarni taqdim etadi", - deydi Rask.

"Bu bolalar har kuni kelib-ketadigan oddiy maktab binosi emas. Bu shunday binoki, bu yerda har kuni nimadir o'rganishadi. Masalan, 5-sinf o'quvchilarimiz binodagi energiya tejamkorligiga oid loyiha qilishdi. Ulardan so'rasangiz, bu haqda yaxshi javob berishadi", - deydi maktab direktori Erin Russo.

Anna o'yin maydonchasi ostidagi yerdan energiya oladigan geotermal quduqlarni o'rgandi.

"Ular qayerda, qanchalik chuqur, energiya tejashda qanchalik yordam beradi, atrof-muhitga ta'siri qanaqa, shularni o'rgandim. Kitobdan o'qisangiz, rasmlarini ko'rasiz, xolos. Hayotda ko'rish boshqacha", - deydi qiz.

Misollarni shu maktabning, binoning o'zidan olamiz, deydi o'qituvchilar.

"Biz binoni, uning o'quvchilar o'qib-o'rganishiga qanday yordam berishini endi o'rganyapmiz. Bu hanuz davom etayotgan loyiha", - deydi Russo.

Muhimi, bu yerda o'qish zerikarli emas, bolalar o'ynab bilim oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG