AQSh neft bozorida nima gaplar?

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar jahon energetika bozorida yirik eksportyor davlatga aylanishi mumkin. Zamonaviy texnologiyalar tufayli o’tgan yillar ichida mamlakatda neft va gaz ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi, xarajatlar esa kamaydi.

AQSh energetika sanoatida ishlar havas qilishga arziydi. Ishlab chiqarish yuqori, mahsulotga talab esa bir maromda. Bu degani, o’zini ham, boshqalarni ham ta’minlashga yetarli.

Bir necha yil oldin dunyo bo’ylab neft ta’minoti oshib, narxlar tushib ketgan edi.

O’tmishda Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK) ishlab chiqarishni kamaytirish orqali mahsulot narxini ko’tarishga harakat qilardi. Biroq bu safar bunday strategiyani qo’llamadi.

Tahlilchilar fikricha, OPEK neft arzonligi bir qancha shirkatlarni, xususan, freking texnologiyasini qo’llaydigan AQSh kompaniyalarini bozordan siqib chiqaradi deb umid qilgan. Saudiya Arabistoni shu tariqa raqobatchilardan qutulmoqchi bo’lgan.

Davlat departamentida energetika bo’yicha ekspert Amos Hokstaynning aytishicha, eski taktika ish bermadi. AQShning ko’pgina neft kompaniyalari samaradorlikni oshirgan.

“Ular moslashuvchan, raqobatga chiday oladi. Yetarli daromad ololmayotgan kompaniyalar bozorni tark etadi degan taxminlar amalga oshmadi”, - deydi u.

Qora oltin bahosi 2016-yilning noyabridan beri bir oz o’sgan. O’shanda OPEK va qator eksportyor davlatlar ishlab chiqarishni kamaytirish haqida kelishib olgan edi. Amerika Biznes institutidan Benjamin Zayker fikricha, bu davlatlarning aksariyatida iqtisodiy ahvol og’ir.

Shuning uchun, deydi u, kelishuv uzoqqa bormaydi.

Kelishuv ish berib, narxlar ko’tarilsa, freking kompaniyalar neft ishlab chiqarishni yanada oshiradi va mahsulot bahosi pastga sho’ng’iydi, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG