Prezident Obama iqtisodiyotni tiklash bir soatlik ish emas, deydi

  • Amerika Ovozi

Ishsizlik hamon 10 foiz atrofida. Yuz minglab amerikalik yarim yillab, undan ham ko'proq vaqt ish topa olmay xunob.

Prezident Obama Amerikada iqtisodiy ahvolga to'xtalar ekan, bu jabhada yutuqlar erishilayotganini ta'kidlaydi. Davlat rahbari vaziyatni mashalatchilari bilan muhokama qilib, matbuotga o'z qarashlarini bildirdi.

Ba'zilar iqtisodiy tiklanish sekin kechayotganidan nolib, ishsizlikka barham berilmayotganini aytadi. Prezident Obama ham ma'muriyati tomonidan iqtisodiy o'sish va ish o'rinlarini yaratish borasida qator ishlar qilinganiga qaramay muammolar borligini tan oladi.

"Qator korxona va bizneslar hamon o'ziga kelmagan. Ko'p amerikaliklar ishsiz", - deydi Obama.

Savdo vazirligi joriy yilning ikkinchi choragida iqtisodiy o'sish 2,4 foiz bo'ladi deb bashorat qilgan edi, biroq o'tgan hafta vazirlik bu raqamni 1,6 foizga tushirishga majbur bo'ldi.

Ishsizlik hamon 10 foiz atrofida. Yuz minglab amerikaliklar olti oy yoki undan ko'proq vaqt mobaynida ish topa olmayapti.

Qonunchilar noyabrda bo'ladigan saylovlarga tayyorgarlik ko'rar ekan, jarayon o'tmaguncha Kongress biror jiddiy iqtisodiy qaror qabul qilishi amri mahol.

Prezident Obama vaziyatdan chiqish uchun qo'shimcha choralar izlayapmiz, deydi. Jumladan, kichik bizneslarga soliq imtiyozlari berib, odamlarni qisqa muddatga bo'lsa ham ishga olishga undash.

"Biroq bu boradagi qonun loyihasi muxolifatdagi respublikachilar sabab Senatda oylab ovozga ham chiqarilgani yo'q. Qonundagi xarajatlar hisob-kitob qilingan va byudjetga og'iri tushmaydi. Bu siyosiy o'yindan boshqa narsa emas", - deydi Obama.

Uning aytishicha, hozirgi vaziyatni birdan o'nglab bo'lmaydi. Qisqa va uzoq muddatli choralarni qo'shib ishga solish kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG