Global iqtisodiy o'sish sust, bir milliard odam yo'qsillikda yashaydi

  • Amerika Ovozi

Xalqaro valyuta jamg’armasi va Jahon banki Vashingtonda qo’shma yig’ilishlarini o’tkazmoqda. Qariyb 200 davlatdan bankirlar tashrif buyurgan. Dunyo bo'ylab iqtisodiy o’sish sustligi va ishsizlik - kun tartibidagi bosh mavzular.

Neft ikki barobar arzonlashib, AQSh iqtisodiyoti jadal o’sayotgan bo’lsa-da, Xalqaro valyuta jamg’armasi rahbarining aytishicha, o’tgan yili global iqtisod atigi 3,4 foizga kengaygan. So’nggi chorak asrda o’rtacha rivojlanish sur’ati shu. Kristin Lagard deydiki, muammolarni hal qilish uchun bu yetarli emas.

“Ko’pgina mamlakatlarda 2008-yilgi inqiroz oqibatlari hamon seziladi, ishsizlik darajasi balandligicha qolmoqda. Ayrim jamiyatlarda yoshlarning yarmidan ko’pi ish topolmay qiynaladi. Qo’shimcha choralar ko’rish kerak”, - deydi u.

Hukumatlarga maslahat - neft arzonligidan foydalanib, energetika sohasiga subsidiyalarni kamaytiring. Mablag’ni ta’limga sarflab, uzoq muddatli o’sishga zamin yarating.

Kristin Lagard fikricha, savdo bo’yicha kelishuvlar ham odamlarni ish bilan ta’minlashga hissa qo’shadi. Kichik bizneslar kredit olishi uchun imkoniyat yaratish zarur.

Qisqa muddatda ish joylarini ko’paytirishning bir yo’li iqtisodiyotning tomiri bo’lmish infratuzilmaga sarmoya kiritish va ta’mirlashdir.

Aynan shunday loyihalarga yaqinda tuzilgan va Xitoy boshchilik qilayotgan Osiyo Infratuzilma va sarmoya banki ham pul ajratadi. Ayrimlar uni Xalqaro valyuta jamg’armasi va Jahon bankiga muqobil struktura deb ko’rmoqda.

Jahon banki rahbari Jim Yong Kim yangi tuzilmani ekologiya va mehnat sharoti bilan bog’liq masalalarni ko’zdan qochirmalikka undadi.

Hozir jahonda qariyb bir milliard odam kuniga bir dollardan sal oshiq pulga hayot kechirmoqda. Qashshoqlik eng dolzarb muammo, uni yengish uchun birgalikda ishlashimiz kerak, deydi Jim Yong Kim.

“Yo’qsillik bu - 2,5 milliard odam bank xizmatlaridan mahrum ekani. Qariyb 1,5 milliard odam elektr tokisiz hayot kechiradi. Och-nahorlar ko’p. Kambag’allik tufayli bolalar maktabga bora olmaydi, chunki oilaning har bir a’zosi kuniga bir necha sent ishlab topishi kerak”, - deydi u.

Tanqidchilar ta’biricha esa qashshoqlikka qarshi samarali kurash Jahon bankining byurokratik tizimini isloh qilishdan boshlanadi. U moliyalaydigan loyihalarning mahalliy aholiga og’iri tushmasin, deydi ular.

Bank axborot markazi nomli tashkilot xodimi Nozir Sinaniga ko’ra, qarz oluvchi davlatlarga qo’yilgan shart-talablar ekologik va ijtimoiy ziyon keltirgan hollar ko’p.

“Ayniqsa inson huquqlari muntazam toptaladigan jamiyatlarda bu loyihalar oqibati darrov seziladi”, - deydi faol.

Xususan, O’zbekistonda paxta sanoatida majburiy mehnat qo’llanishini bila turib, Jahon banki bu muammoga ko’z yumayotganlikda, hukumatga kredit ajratishda davom etayotganlikda tanqid qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG