Iqtisodiy statistika plyusda, ammo Amerikada o'rta sinf buni sezmayapti

  • Amerika Ovozi

AQShda iqtisodiy inqirozdan yetti yil o’tib ham vaziyatning yaxshilanmagani noyabrda bo’ladigan prezident saylovlari arafasida aholi noroziligiga sabab bo’lmoqda. Maoshlar va ish o’rinlariga doir iqtisodiy ko’rsatkichlar yaxshilanayotganiga qaramay, ba’zilar nazarida hukumat ularni unutgan.

Denis Alber oylik to’lovlarini to’lolmay xunob. U 98 yoshli onasiga qaraydi. Oziq-ovqat va dori-darmon qimmatlashar ekan, maosh o’sha-o’sha.

"Bir xil hayot darajasini ushlab turish judayam qiyin. Hayotimiz qiyinlashib boryapti. Ba’zi mutaxassislar o’rta sinf vakillarini ataylab nishonga olishmoqda, deydi”.

Biroq so’nggi statistik izlanishlar natijalariga ko’ra, Amerika oilalarining o’rtacha daromadi 2007-yildan beri besh foizga ko’tarilgan. Alberning oilasi o’zini unutilgan deb his etayotgan yagona oila emas.

“Ilgari ish bo’lsa, oylik oshar, so’ng yillar o’tib, nafaqaga yetarlicha pul jamlanib pensiyaga chiqsa bo’lardi. Hozir kelajakka ishonch yo’q”, - deydi “Mas’uliyatli federal byudjet uchun qo’mita” tashkilotidan Maya Makgines.

Iqtisodchilarning aytishicha, saylov mavsumida saylovchilar o’zini aldanganday his qilmoqda. So’nggi yillarda o’rta sinf vakillarining daromadi oshmadi, ammo badavlat odamlar boyishda davom etdi.

“Aholining eng boy, 5 foiz qatlami 2000-yildan oldingi darajaga qaytgan yagona guruhdir. Ular zararini qoplab bo’ldi. Moliyaviy tengsizlik juda kuchli. Irqiy, jinsiy guruhlar orasida ham jamiyatimizda tengsizlik mavjud”, - deydi Iqtisodiy siyosat institutidan Eliza Gud.

Ba’zi iqtisodchilar daromadlar o’rtasidagi jarlikka siyosiy layoqatsizlik sabab deb biladi. Qashshoqlar huquqlarini himoya qiluvchi Mariya Foskarinisning misol keltirishicha, federal hukumat odamlarni qashshoqlikdan chiqarish o’rniga qamoqlarni to’ldirib, mahbuslarga millionlab dollar sarflamoqda.

“Shuncha pul isrof bo’lyapti. Ko’chada qolgan odamlarni jinoyatdan qaytarish uchun uy bilan ta’minlash arzonroqqa tushishini izlanish natijalaridan ko’rib turibmiz, ammo mamlakat bo’ylab ko’plab jamoalarda buning aksiga guvohmiz”, - deydi u.

Siyosatchilarning noprofessionalligi uchun ham bu yilgi saylovlar o’ta muhim, deydi ko’plar, ammo Denis Alber saylovlardan ko’p narsa kutmaydi.

"Ikki asosiy nomzoddan birortasi o’rta sinfni ko’tara olishiga ko’zim yetmaydi, tushkunlikdaman", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG