Xakerlar atom sanoati inshootlarini nishonga olmoqda

  • Amerika Ovozi

Atom sanoati inshootlariga uyushtiriladigan kiber-xurujlar tahdidi oshmoqda, deydi soha mutaxassislari. Vashingtonda uchrashgan ekspertlar xulosasiga ko’ra, bugun xakerlar xujumlari kuchli va murakkab xavfsizlik tizimlarini ham buzib o’tmoqda.

Ular kompaniyalar, hukumat va soha rahbarlarini kiber xavfsizlikni ustuvor masala sifatida belgilashga va shu yo’lda hamkorlik qilishga undadi. So’nggi paytlarda Ukraina, Germaniya, Eron va Janubiy Koreyadagi atom inshootlariga xurujlar oshgani xavotirlarga sabab bo’lmoqda.

Koreyaning gidro va atom stansiyalariga qarshi uyushtirilgan kiber xurujda soha xavfsizligini kuchaytirishga oid ma’lumotlar o’g’irlandi. Ammo bu kiber tahdidlarga qarshi himoya tizimini mustahkamlashga intilgan kompaniyaning o’zi uyushtirgan bir mashq edi.

Bunday mashqlarda sohadagi muhim jarayonlarni nazorat qiladigan kompyuterlar nishonga olinadi. Xurujlar kompyuter va jihozlarni ishdan chiqarishdan tortib aholiga berilayotgan xizmatlarda uzilishlar keltirib chiqarishgacha bo’lgan muammolarni o’z ichiga oladi.

“Atom inshootlariga xurujlar uyushtirilmoqda. Bu xomxayol emas. Tasavvurda emas, hayotda bo’layotgan vaziyat. Biz buni qanday nazorat qilishni bilishimiz kerak”, - deydi tadqiqotchi Anno Keyzer.

Hatto eng ilg’or texnologiyadan foydalaniladigan atom sanoatida ham xodimlarga oddiy kompyuter xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni o’rgatish oson emas, deydi ekspertlar. Masalan, noma'lum kompyuterdan maktub yoki fayl yuborilsa, uni ochmaslik yoki fleshkalarni boshqa kompyuterlarda ishlatmaslik kerak. Ehtiyotsiz xodimlar – eng katta muammo, deydi ular.

“Kiberxavfsizlik zanjiridagi eng zaif bo’g’in – odamlar”, - deydi “ProofPoint” kiber xavfsizlik firmasi mutaxassisi Rayn Kelember.

Atom sanoati asosiy xavotir manbai bo’lsa-da, tahdid turlari faqat bu yo’nalishda emas, deydi yana bir ekspert Patrik Piterson.

“Atom sanoti kiber xurujlardan xoli demagan bo’lardim, ammo ular allaqachon eng mustahkam xavfsizlik tizimlariga ega”, - deydi u.

Atom sanoati sammiti qatnashchilariga ko’ra, kelajakda faqat kiber xavfsizlikni ta’minlash qoidalarga rioya qilmasdan, balki xavfni oldindan aniqlab, bartaraf etish choralariga ham e’tibor qaratish kerak. Shuningdek, mutaxassislar kompaniyalar va davlatlarni ko’proq hamkorlik qilishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG