Breaking News

"Keystone" loyihasi ustida bahslar davom etmoqda


"Keystone" loyihasi ustida bahslar davom etmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:28 0:00

AQSh neft sanoati vakillari Kongress va prezidentni Kanada neftini qayta ishlash uchun AQShga olib kelishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini ma'qullashga chaqirmoqda. Loyiha tarafdorlariga ko'ra, Kiystoun quvuri AQShda minglab yangi ish o'rinlarini yaratadi. Tabiatni muhofaza qiluvchi faollarning aytishicha esa, neft quvurlari atrof-muhitni ifloslaydi. Shuningdek, AQShning o'zida neft ko'p bo'lgan bir paytda bunday loyihaga ehtiyoj yo'q, deydi ular. Respublikachilar loyiha tarafdori bo'lsa, prezident Obamaning unga qarshi ekani ma'lum.

To'liq ishga tushsa, Kiystoun quvuri har kuni Kanadadan AQShga 800 ming barrel neft tashish salohiyatiga ega bo'ladi. Loyiha tarafdorlariga ko'ra, ikki yillik qurilish davomida 42 ming odam ish bilan ta'minlanadi; bundan Amerika iqtisodiyoti ham foyda ko'radi.

Amerika neft instituti rahbari Jek Gerardning aytishicha, Kongress tasdig'idan o'tgan taqdirda ham prezident Obama qonunni imzolamasligi mumkin.

"Kiystoun quvurlari ustida bo'layotgan tortishuvlar mutlaqo keraksiz. Bu o'n minglab mehnatsevar amerikaliklarning yaxshi haq to'laydigan ishlardan bebahra qolishiga hamda mamlakatimizning Shimoliy Amerika energiya resurslarini tashish uchun zarur bo'lgan transport vositalaridan mahrum bo'lishiga olib keladi", - deydi u.

Dekabr oyida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Prezident Obama Kiystoun loyihasining va'da qilingan miqdordagi ish o'rinlarini yaratishiga hamda iqtisodiyot taraqqiyotiga arzirli hissa qo'shishiga shubha qilishini bildirgan edi.

"Bu loyihani qanaqadir sehrli formuladek ko'rsatishga urinishlar bo'lyapti. Bu ma'lumotlarni qayerdan olishayotganini qog'ozlardan ko'rib bilish qiyin", - deydi prezident.

Tanqidchilar fikricha, Kanadadan keltiriladigan qum nefti neftning boshqa turlariga qaraganda atrof-muhit uchun zararliroq. Uni ajratib olish jarayoni yerga ko'p ziyon qiladi, deydi "Public citizen" tashkiloti vakili Tayson Slokum.

"Minalar yordamida yerning neftli qatlami ko'chirib olinib, kimyoviy jarayondan o'tkazish uchun ulkan inshootlarga jo'natiladi. Uni tozalashga haddan ziyod ko'p suv va energiya sarflanadi", - deydi u.

Respublikachilar nazoratidagi Senat o'zining birinchi ish kunidayoq Kiystoun loyihasini ovozga qo'yishini ma'lum qildi.

Loyihani tanishtirgan senator Jon Xouven fikricha, uni zudlik bilan qabul qilish kerak.

"Gap iqtisodiyotimizni o'stirish haqida, milliy xavfsizligimiz haqida ketyapti. Bizga kerakli infratuzilmani - quvurlar, yo'llar, temiryo'l va aloqa simlarini qurish masalasi bu", - deydi u.

Prezident yangi qonunni qabul qilishdan oldin uning foyda va zararlari haqida keng qamrovli tekshiruv o'tkazilishi lozim, degan fikrda. Ammo yangi Kongress uni tez orada qabul qilishi ehtimoli yuqori. Ayni paytda tobora tushib borayotgan neft narxi loyihaning amalga oshishiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Chunki qora oltin narxining pasayishi oqibatida Kanada neftini AQShga olib kelib qayta ishlash o'zini iqtisodiy jihatdan oqlamasligi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG