Amerikada iqtisodiy inqiroz takrorlanishi mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Amerikada iqtisodiy inqiroz takrorlanishi mumkinmi?

Amerikada iqtisodiy inqiroz takrorlanishi mumkinmi?

Ayrim iqtisodchilar nazarida Qo'shma Shtatlar yana bir tanazzulga yuz tutishi mumkin.

Shunday bo'lgan taqdirda oddiy amerikaliklar hayoti yanada og'irlashishi turgan gap. Hozirda ishsizlik sur'ati baland, ishlab chiqarish oqsamoqda, aholi daromadi kamaygan. Uy-joy sektorida vaziyat nihoyatda murakkab. Ko'chmas mulk agentlari uylarni sota olmayapti. Ishidan ayrilgan odamlarda bunga pul yo'q.

Vashingtonda ko'chmas mulk agenti Mark Xadsonning aytishicha, uy-joy va qurilish masalasida poytaxt katta zarar ko'rmadi.

"Biznes 2005-yilga qaraganda 40 foizga sekinlashdi. Nafaqat ko'chmas mulk bozorida, balki mamlakatning har bir joyida, har sohasida vaziyat shunday. Albatta, Vashingtonda ahvol nisbatan yaxshi", - deydi Xadson.

U ayni damda bir uyni sotishga harakat qilyapti. Bir necha yil burun uni anchaga pullasa bo'lardi, deydi u. Narx tushib, bu soha ketidan kun ko'rayotgan odamlarning ham, uy egalarining ham daromadi pasaygan.

"Uy egasining zarari 100-150 ming dollar atrofida deb o'ylayman. Ancha oldin sotishganida shu pulni nafaqaga chiqqanda ishlatishgan yoki unga boshqa uy olgan yoki bolalarining o'qishiga sarflagan bo'lishardi", - deydi Xadson.

Uy savdosi va qurilish jonlansa, bundan iqtisodiyot ham naf ko'radi. Ammo, deydi iqtisodchi Karen Dinan, bunday kunlar hali-beri qaytmaydi.

"Talab juda past, chunki odamlarning daromadi past. Uy xarid qilish mavridi emas hozir. Turar-joy bundanda arzonlashishidan xavotirga tushgan qurilish sanoati esa yangi uylarni hali-beri qurmaydi. Avval talab kuchayib, iqtisodiyot oyoqqa turishi kerak", - deydi mutaxassis.

Aksariyat iqtisodchilar nazarida mavhumlik xaridorni cho'chitmoqda. Bu esa global moliya bozorlariga ham o'z ta'sirini o'tkazmoqda. Ustiga-ustak mamlakat qarzi bo'yicha cheksiz va murosasiz siyosiy bahslar va AQSh kredit reytingining pasayishi muammoni chuqurlashtirmoqda.

"Umidsizlik juda ham yomon holat. Xaridor kelajakdan xavotirlanib, bir tiyin ham sarflamasa, tadbirkor talabning sustligini ko'rib, ishga kam odam yollaydi, bu esa maoshlarga ta'sir qilib, xaridor pul tejashga o'tib oladi", - deydi ekonomist.

Ko'chmas mulk agenti Mark Xadsonning daromadi 50 foizga kamayib, uning o'zi ham kamroq pul sarflayapti. Ba'zilar bundanda og'ir kunlar kelishini bashorat qilmoqda.

"Yana bitta krizis bo'lsa, nima qilarkanman, hayronman. Haliyam ancha tejamli hayot kechirishga to'g'ri kelyapti. Bundan ortiq tejasam juda qiynalaman. Ana shundan xavotirdaman", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG