AQSh nega o'z neftini eksport qilmaydi?

  • Amerika Ovozi

1970-yillarda AQSh hukumati iste’molchilarni himoya qilish maqsadida neft eksportini cheklab qo’ygan. Bugun jahon bozorda vaziyat boshqacha, taqiqni bekor qilish vaqti keldi, deydi sanoat vakillari. Boshqalar nazarida esa neft eksporti qayta yo’lga qo’yilsa narx-navo oshadi, tabiatga ham zarar.

1973-yilda arab davlatlari qo’ygan embargo-cheklovlar oqibatida AQShda neft ta’minoti keskin kamaygan edi.

Narxlar oshishi va krizis natijasida o’shanda Amerikada ishlab chiqarilgan neftni xorijga sotish taqiqlangan.

AQSh xaridor davlat ekani, neft importini oshirib borgani sabab bu taqiq shu paytgacha ahamiyatga ega emas edi.

Biroq so’nggi yillarda freking uslubi orqali Amerikaning o’zida ko’proq neft ishlab chiqarilmoqda, import kamaygan.

Jahon bozorida narxlar pasaydi. AQSh neft kompaniyalari zarar ko’ryapti.

Ular fikricha, eksportga qo’yilgan cheklovlar, 40 yil avval qabul qilingan qonun-qoidalar bekor qilinishi kerak.

“Taqchillik va yetishmovchilik qo’rquvi yo’q bugun. Aksincha, Amerikada neft mo’l-ko’l. Bu eskirgan qonun bizni 1970-yillardan chiqib ketishimizga yo’l qo’ymayapti”, - deydi “Breitling Oil” kompaniyasidan Kris Folkner.

Fuqaro huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot vakili Tayson Slokamga ko’ra, cheklov bekor qilinsa, iste’molchi zarar ko’radi.

“Amerikada benzin narxi ko’tarilib ketadi,” - deydi u.

Neft kompaniyalari bu fikrga qo’shilmaydi.

“Dunyo bozorlarida sotilayotgan neft hajmi ko’paysa, mahsulot arzonlashishi kerak. Axir neft bilan faqat AQShda emas, dunyo bo’ylab savdo qilinadi”, - deydi Folkner.

Tanqidchilar, shuningdek, ko’proq neft ishlab chiqarishning ekologik oqibatlari haqida ogohlantirmoqda.

“Eksport yo’llari ochilsa, mamlakat bo’ylab neft konlari ko’payishiga olib keladi. Bu esa tabiatga jiddiy zarar yetkazishi aniq,” - deydi Tayson Slokam.

Sanoat egalarining qayd etishicha, bu xavotirlar asossiz, chunki neft qazishda qonun-qoidalarga amal qilinsa, tabiatga ortiqcha zarar yetmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG