YUNESKO urush zonalarida bolalar ta'limiga e'tiborni kuchaytirishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Syerra-Leoneda qochqinlar lageridagi bolalar

Syerra-Leoneda qochqinlar lageridagi bolalar

BMTning YUNESKO (UNESCO) agentligi va boshqa xalqaro hamkor tashkilotlar xalqaro hamjamiyat urush va ixtiloflar domidagi o'lkalarda bolalar ta'limiga ko'proq e'tibor berishi kerak, deydi.

So'nggi yillarda dunyo bo'ylab urushlarda ikki milliondan ortiq bola halok bo'lgan, olti millioni mayib-majruhga aylangan. Bugun harbiy nizolar tufayli maktab yoshidagi o'n millionlab yigit-qizlar ta'lim olish huquqidan mahrum. Ko'p bolalar jismoniy va ruhiy jarohatlari bois maktabga qatnash imkoniyatiga ega emas.

YUNESKO "Barcha uchun ta'lim" global monitoring hisobotini chop etdi. Yilda bir marta chiqadigan nashr keyingi uch yilda barcha bolalarni boshlang'ich ta'lim, ayollarni esa teng huquq bilan ta'minlashni ko'zda tutuvchi global dasturning bir qismi hisoblanadi.

BMTning Mingyillik taraqqiyot maqsadlari 2015-yilgacha rivojlanayotgan va nizoli o'lkalarda bolalarni boshlang'ich ta'lim bilan to'la ta'minlashni maqsad qilgan.

BMT ma'lumotiga ko'ra, urush yoshlar ta'limidagi oqsoqlikning asosiy sabablaridan biri. Mutaxassislar fikriga ko'ra, mamlakat o'z fuqarolariga yetarli ta'lim bera olmasa, iqtisodiy rivojlanish sekinlashib, qashshoqlikning o'sish ehtimoli kuchayadi.

"Barcha uchun ta'lim" hisoboti direktori Paulina Rozning aytishicha, mojarolar davom etayotgan o'lkalarda bolalarning qariyb yarmi ta'lim olish imkoniyatigan bebahra.

"Ixtiloflar domidagi 35 mamlakatda 28 million bolaning maktabga bora olmayotganini o'rgandik. Bu jami o'quvchilarning 42 foizi. Sabablar turlicha. Ba'zi o'lkalarda konflikt zonalarida maktablarga borishning imkoniyati umuman mavjud emas. O'qituvchilar yo'q. Maktabga borish xavfli. Yosh qizlar jinsiy tajovuz qurboni bo'lishdan xavfsiraydi. Urush girdobidagi davlatlarda qizlarni zo'rlash, jinsiy zo'ravonlik holatlari ko'p uchraydi", - deydi u.

Ayrim joylarda tomonlar Jeneva konvensiyasiga amal qilib, jamoat binolariga, xususan, maktab va shifoxonalarga hujum qilishdan tiyiladi. Ammo ko'plab jangarilar bugun ta'lim muassasalarini ham nishonga olayotgani achinarli holat, deyiladi "YUNESKO" hisobotida.

Ba'zi hollarda jangarilar maktablarni hukumat ramzi sifatida ko'rib, qasddan hujum uyushtiradi. Chunki maktablarda Yaman va Somalida bo'lgani kabi hukumat kuchlari o'rnashib olgan bo'lishi mumkin. Boshqa vaziyatlarda esa maktablar diniy va g'oyaviy sabablar bois hujumga tutiladi.

"Afg'onistonda Tolibon qizlarning maktabga qatnashini xush ko'rmaydi va maktablarga tez-tez hujum qilib turadi. Dunyoning boshqa nuqtalarida esa maktablar ikki tomon o'rtasidagi urush markazida qolib ketgan yoki guruhlar ulardan o'z harbiy bazalari sifatida foydalanadi", - deydi Roz.

Nizolar nafaqat maktablarni vayron qiladi, balki bolalar jinsiy tajovuzga ham ro'baro' bo'ladi. BMT so'nggi yillarda Chad, Darfur, Sudan va Kongo Demokratik Respublikasida qurollangan guruhlar, hatto milliy armiya askarlari tomonidan bolalarni zo'rlash holatlari ro'y berganini qayd etadi. Jinsiy tajovuz qurbonlari, odatda, bunday hodisadan so'ng maktabga qatnashni to'xtatadi.

Maktab o'quvchilarining qurolli jangarilar safiga yollanish holatlari ham uchrab turadi. Ba'zi o'lkalarda, masalan, Sudanda, hukumat kuchlari ham, qarshi tomon ham qochoqlar lagerlarida bolalarga zug'um o'tkazgani aniqlangan.

Nizolar mahalliy ta'lim infrastrukturasini izdan chiqarib, jamiyatni parokanda qiladi. Aholi esa qochqinlar sifatida mamlakat bo'ylab yoki qo'shni o'lkalarga tarqab ketadi.

BMT ma'lumotiga ko'ra, dunyo bo'ylab bunday qochqinlar soni 19 million bo'lib, ularning yarmi 18 yoshga to'lmagan bolalardir.

Xalqaro qonunga ko'ra, qochqinlarning ta'lim olish huquqini ta'minlash kerak. Ammo har doim ham buni amalga oshirishning imkoni bo'lavermaydi. Masalan, Chadda Darfurdan kelgan 270 ming qochqin uchun faqat ikkita o'rta maktab tashkil etilgan. Qochoqlar lagerlaridagi maktablarda, odatda, o'qituvchilar, kerakli jihozlar va kitoblar yetishmaydi.

O'tgan yili YUNESKO ning global ta'lim bo'yicha hisoboti direktori Paulina Roz shimoliy Keniyadagi Dadab lageriga bordi. Bu yerda somalilik 250 ming qochqin yashaydi. Chorak qismi bolalar.

"Bolalarning yarmi maktabga bormaydi. Bitta sinfda 300 dan ortiq bola bor. Vaziyat yanada yomonlashyapti. Bu lagerlar 20 yildan beri bor, ya'ni bu qisqa muddatli muammo emas. Dadabda men yoshlardan ko'p eshitgan narsa shu bo'ldiki, bu yerda ta'lim va ishning yo'qligi ayrim yigitlarni yana Somaliga qaytib, qo'liga qurol olishga majbur qilmoqda. Lagerning o'zida ham xavfsizlik yaxshi ta'minlangan deb bo'lmaydi", - deydi Roz.

YUNESKO ma'lumotiga ko'ra, urush va harbiy nizolar davom etayotgan o'lkalarda ta'lim uchun yetarli mablag' ajratilmayapti. Bu davlatlarning harbiy xarajati ta'lim byudjetidan bir necha baravar ko'p. Yarmi Afrikada joylashgan.

Hisobotda yozilishicha, Efiopiyada harbiy byudjet boshlang'ich ta'lim uchun ajratilayotgan mablag'dan ikki baravar ko'p. Chadda to'rt, Pokistonda esa yetti barobar.

Hisobotda aytilishicha, agar bu o'lkalar harbiy byudjetini 10 foizga qisqartirsa, maktabga bora olmayotgan o'quvchilarning chorak qismi yoki uch million bola yana o'qish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Bu borada Botsvana tutgan yo'l yaxshi misol bo'la oladi. So'nggi bir necha o'n yilda bu mamlakat olmos eksportidan tushadigan daromadni ta'lim tizimiga yo'naltirib, bolalarni boshlang'ich ta'lim bilan ta'minlash borasida muvaffaqiyatga erishdi. Ammo kuzatuvchilarning aytishicha, hamma davlatlar ham Botsvana kabi boy tabiiy zaxiralarga ega emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG