Ostona bitimi sobiq ittifoqni tiklash tomon bir qadam?


Mutaxassislarga ko’ra, sobiq Sovet Ittifoqi hududida shakllanayotgan yangi birlashma mintaqa davlatlarini tanlov imkoniyatidan mahrum qilishi mumkin. Chunonchi, prezident Islom Karimovning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi haqidagi bayonoti bu boradagi munozaralarni yana qizitdi.
Tashkilotchilar ittifoq siyosiy maqsadlarni ko’zlamasligini ta’kidlasa, ekspertlar 29-may kuni Ostonada imzolangan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi haqidagi bitimini Rossiyaning sovet ittifoqini tiklashdagi dastlabki amaliy qadami sifatida baholashmoqda.

Hozircha bu qadam faqat O’zbekiston tomonidan norozilikka uchradi. Ammo avtoritar va hamon kommunistik tuzum ruhida boshqarilayotgan O’zbekistondagi bu e’tiroz sovet ittifoqini tiklash urinishlari oldida o’ta ojiz ko’rinishi ta’kidlanadi.

“Markaziy Osiyoning Rossiya ekspansiyasiga qarshi turishi juda qiyin kechadi, bu ehtimolga men shubha bilan qarayman. Ukraina voqealari Rossiya boshqa yo’nalishlarda o’z agressiv siyosatini davom ettirishini bildiradi. Putin hozir o’zini sobiq ittifoq hududlarini yig’uvchi qaharamon qilib ko’rsatmoqda, Rossiya Sovet Ittifoqini yangi formatda tiklamoqchi. Mintaqani hamon sovet ideologiyasidan chiqqan kadrlar boshqarayotgani, tuzum ham, iqtisod ham, dunyoqarash ham shu mafkuraga asosan ishlayotganini inobatga olsak, Rossiyaning maqsadi uchun bu murakkablik tug’dirmaydi. Yevrosiyo ittifoqi bu siyosiy ittifoq, faqat iqtisodiy qaramlik bilan mustahkamlanadi. Rossiya mintaqa uchun tanlash imkoniyatini ham qoldirmaydi”, - deydi ukrainalik siyosatshunos Igor Gavrilov.

Islom Karimov Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarga hamisha shubha bilan qaragan. Mintaqa davlatlari birin-ketin Moskva yetakchiligidagi ittifoqqa tortilayotgani esa O’zbekistonda xavotir uyg’otayotgani tayin.

Prezident Karimovning Yevrosiyo ittifoqi haqidagi bayonoti bu davlatlarning iqtisodiy integratsiyasidan emas, siyosiy ittifoq shakllanishidan xavotirini aks ettiradi. Bu xavotir uchun asos yetarli - Bojxona ittifoqi Armaniston, Qirg’iziston va keyinroq Tojikiston hisobiga ham kengayishi kutilmoqda.

Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev mamlakatda tanlov imkoniyatining o’zi yo’qligini aytdi. Qirg’izistonning muhim obyektlarini allaqachon Rossiya egallagan. Tojikistonda ham, Qirg’izistonda ham salkam yarim asrga imzolangan shartnomalar bu yerdagi Rossiya harbiy bazalari hali uzoq vaqt qolishini anglatadi.

Yevrosiyo ittifoqi a’zolari tashkilotning siyosiy yo’nalishini mutlaqo inkor etishadi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ittifoq faqat iqtisodiy hamkorlik negizida qurilayotganini ta’kidlaydi.

Yevrosiyo ittifoqi g’oyasining muallifi sifatida taqdim etilyotgan Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ham bu tashabbus mamlakat mustaqilligiga daxl qilmasligini takrorlab keladi.

Ammo qozoq muxolifati orasida bitim imzolangan 29-mayni mamlakat o’z mustaqilligidan voz kechgan kunga qiyoslovchi achchiq hazil mavjud.

Qozog’istondagi tazyiqlar bois mamlakatni tark etgan muxolifat faollaridan Aydos Sadikovga ko’ra, Yevrosiyo Ittifoqi bitimi imzolanishi siyosiy maydonni muxolifatdan tozalash bilan kuzatilmoqda.

“Bitim imzolanishidan biroz oldin Rossiya maxsus xizmatlari Moskvada joylashgan qozoq muxolifatiga tegishli nashrlarda tintuv o’tkazdi. Nazarboyevni keskin tanqid qiluvchi bu nashrlar mamlakatdagi real vaziyatni, Ukarina hodisalarini yoritib kelayotgan edi. Bu tintuvlar Putin va Nazarboyev kelishuv imzolashi ortidan ro’y berdi. Ular Qozog’isonni Yevrosiyo ittifoqiga qarshi bo’lgan muxolif harakatlardan tozalash bo’yicha ham hamkorlik qilishadi. Muxolifat bu ittifoqqa keskin qarshi, bu ketishda biz Rossiyaning avtonom respublikasiga aylanishimiz haqiqatga yaqin”, - deydi Aydos Sadikov.

Belarus, Rossiya va Qozog’iston o’rtasida imzolangan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi 2015-yildan ishga tushishi kutilmoqda. Ittifoq doirasida yangi pul birligi muomalaga kiritilishi haqida ham xabarlar mavjud.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG