Misrda bir oylik favqulodda holat e'lon qilingan, vitse-prezident iste'fo berdi

  • Amerika Ovozi

Qohirada hokimiyatdan chetlatilgan prezident Muhammad Mursiyni qo'llagan namoyishchilarni tarqatish oqibatida o'lganlar, Misr, 14-avgust, 2013-yil

Qohirada hokimiyatdan chetlatilgan prezident Muhammad Mursiyni qo'llagan namoyishchilarni tarqatish oqibatida o'lganlar, Misr, 14-avgust, 2013-yil

Bugun Misr bo'ylab hokimiyatdan chetlatilgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari xavfsizlik kuchlari bilan to'qnashib, kamida 150 kishi o'lgan. Politsiya poytaxt Qohirada bir oydan beri palatkalar qurib, norozilik bildirgan yuzlab odamlarni tarqatdi.

Hukumat bir oylik favqulodda holat e'lon qildi. Qohira va bir necha shaharda komendant soati kuchga kirdi.

Misr hukumati namoyishchilarga nisbatan ko'zni yoshlantiruvchi gaz ishlatilganini aytsa, "Musulmon birodarlar" harakati xavfsizlik kuchlarini haqiqiy o'q otganlikda ayblamoqda.

Bir necha telekanal Mursiy tarafdorlarining askarlarga barrikadalar ortidan quroldan otganini tasvirlovchi kadrlarni ko'rsatgan.

To'qnashuvlar Qohira, Iskandariya, Minya, Assiut, Fayum, Suets va boshqa joylarda kuzatilgan.

Muvaqqat hukumatda vitse-prezidentlik qilgan Tinchlik uchun Nobel mukofoti sohibi Muhammad al-Barodiy "kuch ishlatish haqidagi qarorga qarshi edim va bu qaror oqibatlariga mas'ul bo'lgim yo'q" deya lavozimidan ketdi.

"Musulmon birodarlar" harakati yetakchilaridan biri Muhammad al-Beltagi to'qnashuvlar paytida 17 yashar qizini yo'qotdi. U misrliklarni zulmga qarshi bosh ko'tarishga chaqirib, aks holda Misrni Suriya taqdiri kutayotgani haqida ogohlantirdi.

Oq uy bayonot chiqarib, zo'ravonliklarni keskin qoralagan. Prezident Barak Obamaning matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Misr xavfsizlik idoralarini bir necha bor kuch ishlatmaslikka chaqirgan.

Ernest, shuningdek, namoyishchilarni ham bosiqlikka da'vat etdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG