Misr-G’azo chegarasi ochiq, Isroil terrorchilarga mazza, deydi

  • Amerika Ovozi

Juma va bayramlarni hisobga olmaganda, chegara bundan e’tiboran ochiq bo’lib, ayollar bemalol o’tishi mumkin. 18-40 yoshlar atrofidagi erkaklar esa viza olishi shart

Juma va bayramlarni hisobga olmaganda, chegara bundan e’tiboran ochiq bo’lib, ayollar bemalol o’tishi mumkin. 18-40 yoshlar atrofidagi erkaklar esa viza olishi shart

Misr qo’shni G’azo sektori bilan chegarani piyodalar uchun ochdi. Falastin ahli nazarida bu to’rt yil oldin joriy etilgan blokada ketidan katta yutuq.

Shanbadan beri yuzlab arablar chegarani kesib o’tgan. Biroq xavfsizlik xizmati qora ro’yxatdagi ayrim shaxslarni qaytarib yuborgan.

Misr muvaqqat hukumati qaroridan mamnun, hujjati joyida bo’lgan yuzlab falastinlik Rafah chegara punktini kesib o’tgan.

Juma va bayramlarni hisobga olmaganda, chegara bundan e’tiboran ochiq bo’lib, ayollar bemalol o’tishi mumkin. 18-40 yoshlar atrofidagi erkaklar esa viza olishi shart.

Bu imtiyoz faqat piyodalarga taalluqli. Transport hamon bundan mustasno.

Tartib-qoida prezident Husni Muborak ag’darilgach o’zgardi. Muborak rahbar paytida Misr Isroil bilan hamkor edi.

Falastinning G’arb radikal deb bilgan XAMAS guruhi G’azoni kuch bilan bosib olgach, qo’shni Misr va Isroil chegarani yopgan edi.

Yaqinda Falastin prezidenti Mahmud Abbos boshliq FATH partiyasi raqib XAMAS bilan rasmiy Qohira vositachiligida sulh imzolagach, Misr chegarada cheklovni qisman bekor qilgan.

XAMAS nazarida Misr muvaqqat hukumati Falastin xalqiga xayrixoh va tahsinga loyiq.

“G’azo ahli uchun erkinlik, Misr bilan yaqin hamkorlik davri boshlandi”, - deydi XAMAS vakili G’oziy Hamad. “Buning bari inqiloblar mahsulidir”, - deydi u.

Isroil vaziyatni xavotir bilan kuzatmoqda. “Misr qarori oqibatida terrorchi va noqonuniy qurol-aslaha qatnovi gullab-yashnaydi”, - deb hisoblaydi Isroil tomoni.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu

Isroil, shuningdek, Falastin bilan talash shahar Quddus ustidan nazoratni oshirmoqda.
Poytaxtni hech kim bilan bo’lishmaymiz, deydi Bosh vazir Benyamin Netanyaxu.

“Isroil xalqi o’z merosi, mulkini mahkam himoya qiladi”, - deydi u. “Sharqiy va G’arbiy Quddus bir bo’lib qoladi”, - deydi u.

Falastin xalqi Sharqiy Quddusni bo’lg’usi davlati poytaxti deb ko’radi. Isroil pozitsiyasidan norozi Arab Ligasi masalani shu yilning sentabrida BMT muhokamasiga olib chiqmoqchi.

“Quddus Isroil boshqaruvi ostida, mana 44 yildirki farovon yashamoqda”, - deydi Netanyaxu. “Hukumat shahar iqtisodiyoti va turizm rivoji uchun 115 million dollar ajratish arafasida”, - deydi u.

Chorshanba kuni Isroil ahli Quddus kunini nishonlaydi. 1967-yilgi urush natijasida shahar birlashgani bayram qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG