Misr ahli kelajakdan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Misrliklar ilk demokratik saylovda prezidentni saylashga shay. Poygada qatnashgan o’nlab nomzodlardan hozir ikkisi qolgan – sobiq bosh vazir Ahmad Shafiq va Musulmon Birodarlar a’zosi Muhammad Mursiy. Xo’sh, inqilobdan kutilgan umidlar qanchalik ro’yobga chiqayapti?

O’tgan yili Tahrir maydoniga chiqqan olomon 30 yil mamlakatni boshqargan rahbar Husni Muborakni hokimiyatdan ag’dargach, ana endi yangi hayot boshlaymiz, o’zgarishlar qilamiz, deya ilhomga to’lgan edi.

Prezidentlik saylovlari barchaga umid baxsh etdi. Oliy lavozimga 13 arbob o’z nomzodini qo’ydi, Misr tarixida bunaqasi bo’lmagan.

Biroq ikki asosiy kandidat – islomchilardan Muhammad Mursiy hamda eski tuzum rasmiysi Ahmad Shafiq o’rtasidagi raqobatdan ko’pchilik norozi.

Aksar misrliklar na unisi, na bunisiga ovoz bermoqchi. Saylovning ikkinchi bosqichi shu oy o’rtalarida bo’lib o’tadi.

Siyosatshunos Said Sodiq eski hukumatni harbiy fashizm deb ta’riflar ekan, undan ham yomoni hali oldinda, deydi.

“Siyosat nisbiy ko’z-qarashlar va turlicha g’oyalar to’qnashuvi degani. Din esa absolyut tushuncha. Dindorlar o’z fikrini bildiradi-da, men haqman deb turaveradi”, - deydi Sodiq.


“Yoki Misr Eron tanlagan yo’ldan boradimi? Bu davlatda dunyoviy va liberal guruhlarga nima bo’lganini bir eslang. Shohga nisbatan nafrat shu qadar kuchli bo’lganki, radikal siyosiy guruhlarga ergashishib, oxirida ularning qo’lida o’zlari nobud bo’lgan”, - deya mulohaza yuritadi Said Sodiq.

Musulmon Birodarlar diniy-siyosiy harakati yillar davomida zo’ravonlikni qoralab kelgan. Biroq ularning mo’tadil siyosat haqidagi va’dalariga ko’plar ishonmaydi.

“Musulmon Birodarlar bugun bir gap aytsa, ertaga teskarisini ta’kidlaydi. Prezidentlik poygasi jarayonida va nomzod ko’rsatishganda ham xalq shunga guvoh bo’ldi”, - deydi jurnalist Raniya Al-Malikiy.

Shunga qaramasdan, Musulmon Birodarlar inson huquqlariga hurmat, tenglik, erkinlik va demokratiya haqidagi va’dalarining ustidan chiqadi, deb umid qilamiz, deydi u.

Biroq kelajakka xavotir bilan qarayotganlar ko’p.

"Meni tashvishlantirayotgani - harbiy fashizm va diniy fashizm o’rtasidagi hamkorlik. Bu inqilobning birinchi kunlaridanoq kuzatilyapti”, - deydi siyosatshunos Said Sodiq.


Arab bahori olib kelgan umidlar puchga chiqishidan xavotir nafaqat Misr, balki mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham kuchli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG