Misrda Mursiy tarafdorlari armiya bilan to’qnashdi

  • Amerika Ovozi

Misrda islomiy partiyalar prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan ag’darilganini qoralab, xalqni tinch namoyishlarga undamoqda.

Ammo bugun Qohirada Mursiy tarafdorlari harbiylar bilan to’qnashib, otishmada uch kishi o’lgani xabar qilinmoqda. Yangi muvaqqat rahbar, Konstitutsion sud raisi Adli Mansur kecha qasamyod keltirdi. Mursiyning “Musulmon Birodarlar” harakati uni tan olishdan bosh tortdi.

Qohiraning Tahrir maydonida shodiyonalar hamon davom etayapti. Prezident Mursiy ketgani juda to’g’ri qaror, deydi Najot Abdulzohir.

“Yurtimizga xavfsizlik va tinchlik qaytib keldi. Bizni laqillatib, vatanimizni tortib olishgan edi, uni bizga qaytarishdi”.

Siyosiy tahlilchi Usama al-G’azaliyga ko’ra, Misrda ko’pchilik taraqqiyot yo’lini yangidan boshlashga tayyor.

“Mursiydan keyin Misr jamiyati davlat siyosiy tizimini tubdan o’zgartirishga, 2011-yilgi inqilob ko’zlagan tamoyillarni yodga olishga chaqiryapti. Xalqaro andozalarga mos keladigan haqiqiy demokratik tizim yaratilishi kerak”, - deydi G’azaliy.

Sudya Adli Mansur muvaqqat prezident sifatida kecha ishga kirishdi. Harbiylar tuzgan reja konstitutsiya qayta ko’rib chiqilib, yangi demokratik saylovlar o’tkazilishini nazarda tutadi.

Ammo prezident Mursiy tarafdorlari bu va’dalarga ishonmaydi. Chunki prezident hozir uy qamog’ida saqlanmoqda, “Musulmon Birodarlar” yetakchilari ham hibsga olingan.

“Yangi davrni ular islomiy telekanallarni yopishdan boshlashyapti. Erkin fikr bildirish uchun qani imkoniyat? Bizning protest matbuotda chala yoritilyapti”, - deya shikoyat qiladi prezident Mursiyga xayrixoh Sobir Kamol.

Yangi tayinlangan Bosh prokuror Abdul Majid Mahmud adolat ta’minlanishini ta’kidlamoqda.

“Faqatgina amaldagi qonunlar doirasida ish ko’ramiz. Hech kimni nishonga olish, o’ch olishga yo’l qo’yilmaydi. Qonun har narsadan ustun”, - deydi prokuror.

Misrda ko’pchilik prezident Mursiy lavozimdan ketganini nishonlash bilan band, boshqalar esa bu yog’i nima bo’ladi, deya o’ylanib qolgan. Mamlakat qurolli kuchlari tinchlikni saqlashga va’da bermoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG