Qohirada tinimsiz namoyishlar, bosh qomus referendumga qo'yiladi

  • Amerika Ovozi

Misrda islomiy kuchlar ustun kengash yangi konstitutsiya loyihasini ma’qulladi. Endi hujjat xalq hukmiga, referendumga qo’yilishi kerak.


Poytaxt Qohiraning Tahrir maydonida esa mana to'qqiz kundirki, prezident Muhammad Mursiyga qarshi namoyishlar davom etmoqda.

Konstitutsiya loyihasida islomiy qoidalar asosiy manba sifatida tilga olingan bo’lib, o’nlab xristian va liberal arboblar tashabbusni boykot qilgan.

Ularning aytishicha, prezident Mursiyga xayrixoh musulmon peshvolar boshqa din va partiyalar vakillari bilan maslahatlashmagan.

Misr rahbari o’tgan hafta prezident vakolatlarini keskin oshirib, adliyaga bo’ysunish majburiyatini bekor qilgani uchun qattiq tanqidga uchradi. Oliy sud norozi. Mursiyni diktatorga qiyoslashmoqda.

Namoyishlarda ikki odam halok bo'lib, yuzlab fuqarolar jarohatlandi.

Lekin prezidentning ishontirib aytishicha, farmon yangi konstitutsiya referendumga qo’yilgach, darhol kuchini yo’qotadi. Hujjat dekabr o’rtasida xalq hukmiga havola etiladi.

Misrda hukumatga qarshi namoyishlar tinmayapti. Bugun prezident Muhammad Mursiyning tarafdorlari ham katta sonda ko’chaga chiqqan.

Prezident deydiki, u mutlaq hokimiyat talab qilayotgani yo’q.

“Misr barqaror va tinch jamiyat bo’lishi uchun uning rahbari ustuvor vakolatlarga ega bo’lmog’i lozim”,- deydi u.

Prezident farmonining yana bir jihati shuki, sud parlamentni tarqata olmaydi.

Misrning yaqin hamkori va milliardlab dollar yordam uzatib kelayotgan Amerika demokratiya tarafdori ekanini qayd etmoqda. Mursiyni ochiq tanqid qilayotgani yo’q, ammo inqilobdan asosiy talab erkinlik, oshkoralik va demokratiya edi, deya eslatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG