Misrda yangi konstitutsiya loyihasi bahslarga sabab bo'lmoqda

  • Amerika Ovozi

Misrda yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqqan komissiya a'zolari, Qohira, 1-dekabr, 2013-yil.

Misrda yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqqan komissiya a'zolari, Qohira, 1-dekabr, 2013-yil.

Misrda qabul qilinishi kutilayotgan yangi konstitutsiya bahslarga sabab bo’lmoqda. Tahlilchilar uning qanchalar mukammal ekani haqida turlicha fikrda
Misrning yangi konstitutsiyasi tarkibida 200 dan ziyod modda bor. Ularda harbiylarning himoyalangan statusidan tortib baliqchilar huquqigacha tilga olingan.

Armiya qo’llab-quvvatlovidagi hukumat tomonidan tanlab olingan konstitutsion komissiya a’zolari loyihani katta muvaffaqiyat deya baholamoqda. Qomusning yaqin kunlarda bo’lib o’tadigan referendumda qabul qilinishiga ularning ishonchi komil.

Agar qabul qilnsa, u so’ngi uch yilda Misr ko’rgan to’rtinchi bosh qonun bo’ladi. Ibn Xaldun markazi siyosiy tahlilchisi Sa’diddin Ibrohimning aytishicha, mukammal bo’lmasa ham, u Misr tarixidagi eng yaxshi konstitutsiyadir.

“Prezident va ijro hokimiyati vakolatlarini qisqartirish, ko’plab davlat rasmiylarining jamoatchilik oldidagi javobgarligini oshirishga qaratilgan bandlar yangi konstitutsiyaning ijobiy tomonlaridir”, - deydi u.

Boshqalar qarashicha esa, konstitutsiyada 2011-yildan beri Misrda yuz bergan o’zgarishlar haqqoniy aks etmagan. Undan avvalgi loyihadan islomga aloqador so’zlar olib tashlangan. Hokimiyatdan ag’darilgan Muhammad Mursiy tarafdorlari bunga keskin qarshilik bildirdi.

Shuningdek, fuqarolik huquqlari doirasi ancha kengaytirilgan. Ammo siyosiy tahlilchi va blogger Vail Xalilning aytishicha, qonun loyihasida kamchiliklar talaygina.

“Unda hokimiyat tuzilmasi va ayrim guruhlarning imtiyozlari saqlanib qolgan. Fuqarolar haqiqiy huquqlarga ega emas. Hokimiyat va boshqa institutlar bilan kuchli aloqa o’rnatish imkoniyati yo’q”, - deydi u.

Xalilning aytishicha, konstitusiya, masalan, fuqarolarning mitinglar o’tkazish uchun yig’ilishiga ruxsat beradi, ammo “qonun belgilagan tartibda”.

Yaqinda fuqarolarning yig’ilishiga oid qabul qilingan bir qonun o’ta qattiqligi bois konstitutsiyada ta’minlangan huquqni yo’qqa chiqarmoqda, deydi u. Unga ko’ra, bu aholining konstitutsiyaga nisbatan ishonchini pasaytiradi.

“Fuqarolarning miting o’tkazishiga oid qonun ahmoqona ish bo’ldi. Uning ko’zlangan maqsadga xizmat qilmasligi aniq”, - deydi faol.

Ammo Ibrohimga ko’ra, aholining qonunga qarshi namoyishlar o’tkazishi ijobiy holat. Bu Misrda rahbarlar va xalq o’rtasidagi munosabatlarning o’zgarganidan dalolat, deydi u.

“Yangi konstitutsiyaning haqiqiy himoyachilari - Misr xalqi. Odamlar ha yoki yo’q deb javob berish imkoniyatiga ega bo’ladi”, - deydi u.

O’tish hukumati yangi konstitutsiyaning xalq qo’llab-quvvatlovini olishiga umid qilyapti. Shuningdek, ko’proq odam ovoz berishiga erishish orqali uning qonuniylik asoslarini mustahkamlash ham ko’zda tutilgan. Chunki 2012-yilgi konstitutsiyani qabul qilish uchun o’tkazilgan referendumda saylovga layoqatli aholining faqat 20 foizi ishtirok etgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG