Misrda Muborak rejimi qaytmoqdami?

  • Amerika Ovozi

Misrda hokimiyatdan ag'darilgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari

Misrda hokimiyatdan ag'darilgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari

Misrda siyosiy bo’linish kuchayib, zo’ravonliklarga sabab bo’lar ekan, 2011-yilda qozonilgan inqilobdan kutilgan maqsadlarga erishmoqchi bo’lgan bu mamlakat oldida hali ko’p muammolar bor.

Ayrimlar nazarida hozir Misrda hokimiyatdan ag’darilgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari va unga qarshilar o’rtasida kurash ketmoqda. Biroq boshqalar fikricha, Misr taraqqiyotiga g’ov bo’layotgan kattaroq kuch bor.

Mursiyni qo’llab-quvvatlovchi “Musulmon birodarlar” harakati yetakchi a’zosi Muhammad Sudanning aytishicha, hukumat ichida inqilobga qarshi fitnachilar uyushmoqda.

"Korrupsiya kuchaymoqda, aksil-inqilob boshlandi", - deydi u.

Muhammad Sudan nazarida bu guruh ikki yil oldin Tahrir maydonida inqilobga erishgan odamlar nimaga qarshi kurashgan bo’lsa, shularni tiklamoqchi.

"Mirshablar davlatiga qaytyapmiz. Harbiy diktatura qaytmoqda. Sobiq rejim, Muborak tuzumi bosh ko’tarib, kuchaymoqda. Diktaturani qaytarishmochi", - deydi Sudan.

Uning fikricha, Mursiyga qarshi kampaniyani o’tkazgan kuchlar sobiq prezident Husni Muborak manfaatlarini olg’a surmoqda.

"Bu konservativ kuchlarning o’zgarishlarni amalga oshirmoqchi bo’lganlarga qarshi kurashi", - deydi Sudan.

Nafaqat Mursiy tarafdorlari, balki unga muxolifatdagi ayrim odamlar ham shunday fikrda. Biroq, deydi shulardan biri, siyosiy tahlilchi va noshir Hisham Qosim, Mursiyda ham ayb bor.

"U sud, matbuot, tashqi ishlar vazirligi, politsiya, armiya, Al-Azhar masjidi va cherkovni o’ziga qarshi qaratib qo’ydi. Va ular javob berishga majbur bo’ldi. Davlatning bu muassasalariga qarshi ish qilib bo’lmaydi", - deydi Qosim.

Uning aytishicha, harbiylar xalq noroziligini Mursiy va “Musulmon birodarlar”ga qarshi yo’naltira oldi. So’ng qurolli kuchlar boshlig’i Abdul Fattoh Al-Sissi keldiyu, muammolar yo’qoldi.

Harakat faoli Sudan fikricha, Muborak tarafdorlari muammolarni sun’iy ravishda yaratgan – elektr quvvati, suv, yonilg’i kamomadini keltirib chiqarishdi.

"So’ng 1-iyulda birdaniga hamma muammolar o’z-o’zidan yo’qolib qoldi. Xuddi Sissi sehrli tayoqchasini ishga solganday", - deydi “Musulmon birodarlar” rasmiysi.

Biroq bu gaplarga ko’pchilik e’tibor bermaydi. Ular nazarida hukumat layoqatli bo’lishi, muammolarga yechim topa bilishi kerak.

Shunga qaramay xalq repressiyalar qaytayotganidan xavotirda. 2011-yil inqilobchilari aynan shunga qarshi kurashgan edi. Shanba kuni Qohirada Mursiy tarafdorlarining o’ldirilishi ko’pchilikka sobiq rejim tarafdorlari hali ham kuchli ekanini namoyish qildi.

Bu o'rtada AQSh prezidenti Barak Obama ikki nufuzli senatordan kelasi hafta bu mamlakatga borishni so’ragan. Respublikachilar Lindsi Grexem va Jon Makkeyn Senat Qurolli kuchlar qo’mitasining a’zolari.

Qo’shma Shtatlar har yili Misrga 1,5 milliard dollarlik harbiy va iqtisodiy yordam ko’rsatadi. O’tgan hafta Obama ma’muriyati Muhammad Mursiyning prezidentlikdan olinganini davlat to’ntarishi sifatida tan olmasligini bildirdi. Bu esa AQShning Misrga moliyaviy yordami to’xtamaydi degani.

Misrda harbiylar islomiy partiyalar tashabbusi bilan ishlangan konstitutsiyani bekor qilib, 3-iyul kuni Mursiyni prezidentlikdan olgan. Uning tarafdorlari sobiq rahbarni lavozimida tiklash talabini olg’a surib, namoyish qilmoqda. Muvaqqat hukumat besh oy ichida konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlar bo’yicha referendum, kelasi yil boshida parlament saylovlari, undan so’ng esa prezident saylovlarini o’tkazmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG