Misr prezidentni saylayapti, Sissiy g’alabasi taxmin qilinadi

  • Amerika Ovozi

Qohira ko'chalarida

Qohira ko'chalarida

Sobiq general Sissiy o’tgan yili mamlakatning demokratik yo’l bilan saylangan ilk prezidenti Muhammad Mursiyni hukumatdan ag’dargan edi.

Misrda prezident saylovlarining ikkinchi, yakunlovchi kuni. Qurolli kuchlar sodiq rahbari Abdul Fattoh al-Sissiy unda g’alaba qozonishi taxmin qilinmoqda.

Fuqarolar saylovda u qadar faol qatnashmadi, deydi kuzatuvchilar. Bosh vazir Ibrohim Maxlab bugun dam olish e’lon qilib, fuqaroni saylovda faolroq bo’lishga da’vat etdi.

Natijalar kelasi hafta ma’lum bo’ladi. Al-Sissiyning yagona raqibi -- so’lchi siyosatchi Hamdin Sabahiy.

Sobiq general al-Sissiy o’tgan yili yozda mamlakatning demokratik yo’l bilan saylangan birinchi prezidenti Muhammad Mursiyni hukumatdan ag’dargan edi.

Shundan keyin mamlakatda Mursiyni yoqlagan Musulmon Birodarlar partiyasi isyon ko’targan.

Armiya namoyishlarni kuch bilan bostirib, mingdan oshiq odam halok bo’lgan. Birodarlar yetakchilari qamoqqa tashlangan va al-Sissiyning aytishicha, Misrda bu partiyaning kelajagi yo’q.

Musulmon Birodarlar saylovlarni boykot qildi.

Al-Sissiy uch yildan beri tinmayotgan to’polon va isyonni tugatishga qodir arbob sifatida ko’riladi.

Boshqalar esa prezidentlik uchun kurashayotgan biror siyosatchiga ishonch yo’q, “arab bahori”da uyg’ongan umidlarni oqlamaydi, deydi.

“Misr xalqi o’z tarixi, kelajagini hal qilayapti. Butun dunyo bizni kuzatmoqda”, - deydi al-Sissiy.

Misrda oxirgi uch yilda ikki prezident boshqaruvdan ag’darildi, minglab odamlar halok bo’ldi; mamlakatda ommaviy namoyishlar va zo’ravonliklar tinmaydi; iqtisodiyot zaif.

Muhammad Mursiydan oldin Misrda barcha rahbarlar armiyadan chiqqan edi. Biroq sobiq general al-Sissiy qurolli kuchlar yurt boshqaruviga aralashmaydi, deya ishontirayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG