Breaking News

Misr prezident poygalari g'olibi hamon noaniq


Muhammad Mursi yoki Ahmad Shafiq...
Muhammad Mursi yoki Ahmad Shafiq...
Misr saylov komissiyasi prezident poygalari yuzasidan shikoyatlarga ko’milib, natijalarni e’lon qilmay turibdi. Bu mavhumlik shundog’am tarang asablarni buzib, muxolifat bosh ko’tarmoqchi.

Musulmon Birodarlar nomzodi Muhammad Mursi tarafdorlari bugun ommaviy chiqish rejalagan. Siyosiy tanazzulni tezda hal qiling, deya talab qilmoqda ular.

Saylov komissiyasi ovoz berish natijalarini bugun e’lon qilishi kerak edi. Lekin Muhammad Mursi va prezidentlikka da’vogar yana bir arbob, sobiq bosh vazir Ahmad Shafiqdan tushgan yuzlab shikoyatlar bois komissiya hozircha sukutda.

Har ikkisi o’tgan haftadagi bahsda g’alaba qozonganini da’vo qiladi.

Mursi tarafdorlari fikricha, cho’zavergan sari xolis raqamlar unutiladi. Holbuki, dastlabki hisoblar aynan Musulmon Birodarlar vakili bir oz oldinda ketayotganidan dalolat bergan. Shafiq yoki Mursi yengilgani e’lon qilinsa, tarafdorlar o’ch olishini bildirmoqda.

Biroq Shafiq kechagi chiqishida jamoatchilikni tinchlantirishga urindi. Uning matbuot kotibi Bazil Abez rasmiy raqamlarni tan olamiz, dedi.

“Muhammad Mursi saylovda g’olib topilsa, biz birinchilardan bo’lib uni tabriklaymiz. Mamlakat kelajagi yo’lida birlashishga tayyormiz. Shafiqning xizmati kerak bo’lsa, mana biz tayyor, deb chiqamiz”, - deydi Abez.

Saylov siyosiy krizisning bir qirrasi, xolos. Hukmron generallar o’tgan hafta ayrim joylarda harbiy holatni tiklab, parlamentni tarqatib yubordi va prezident vakolatlarini qisman o’ziga oldi. Aslida esa Misr tez kunda fuqaro jamiyati tanlagan rahbarlar qo’liga o’tishi kutilgan edi.

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton qo’mondonlarni va’dani bajarishga undamoqda.

“Harbiy kengash boshqaruvni qonuniy g’olibga topshiramiz, deb xalqqa so’z bergan. Uni bajarishi kerak”.

Tajribali diplomat, prezident poygalarini erta tark etib, Mursini yoqlab chiqqan Abdulla al-Ashaal so’zlariga ko’ra, g’olib harbiy boshliqlar bilan murosa qila olishi kerak bo’ladi. “Yangi prezident oldida turgan asosiy muammo davlatni islohot yo’lidan boshlash va normal hayotga qaytarish emas. Muhimi generallarni chetlatish, chunki ular qog’ozda boshqaruvdan kechgani bilan xavfsizlik to’liq ular qo’lida”, - deydi diplomat.

O’tgan yilgi qo’zg’olon natijasida ishdan ketgan, 84 yoshli Husni Muborak esa o’lim yoqasida degan xabarlar tarqalmoqda. Xalq qatliomini to’xtata olmaganlikda aybdor topilib, umrbod qamalgan Muborak seshanba kuni komaga tushib, turmadan kasalxonaga ko’chirilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG