G'arb Misrga yordamni kessa, arab davlatlari madad berishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Misr armiyasi Nasr shahrida komendant soati paytida mashinalarni tekshirmoqda, 19-avgust, 2013-yil

Misr armiyasi Nasr shahrida komendant soati paytida mashinalarni tekshirmoqda, 19-avgust, 2013-yil

Yevropa Ittifoqi Misrda salkam 900 kishining yostig’ini quritgan zo’ravonliklardan so’ng bu mamlakatga moliyaviy yordamni to’xtatish masalasini ko’rib chiqmoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, yordam bir oz qisqarishi mumkin, xolos.

Yevropa diplomatlari Bryusselda kecha o’tgan majlisda Misrdagi voqealarga nisbatan umumiy, muvofiqlashtirilgan munosabat xususida fikr almashgan. Ertaga ittifoqqa a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari favqulodda yig’in o’tkazadi. Hozircha aniq takliflar yo’q, biroq Yevropa yordami va Misrga barcha turdagi qurol sotishni to’xtatish masalalari ko’rilishi kutilmoqda.

O’tgan yili Yevropa Ittifoqi Misrga salkam yetti milliard dollarlik tashqi yordam va kredit va’da qilgan.

Shashank Joshi Londondagi Qirollik institutida Misr bo’yicha tahlilchi. Uning aytishicha, Yevropa yordamini to’xtatgan taqdirda ham ko’p narsa o’zgarmaydi.

"Yordamni kesish bilan ish bitmaydi. Misr hukumatiga sezilarli bosim qo’yish uchun kattaroq sanksiyalar kerak, aks holda rasmiylar xalqni ezishda davom etaveradi", - deydi Joshi.

Misr statistika idorasiga ko’ra, Yevropa davlatlari mamlakatning eng yirik savdo hamkori sanaladi. 2011-yilda savdo oboroti 30 milliard dollardan oshgan.

Yevropa Misrga harbiy uskuna ham eksport qiladi. Joriy yilning birinchi choragida Britaniya 70 million dollarlik ehtiyot qismlari uchun litsenziyalarni tasdiqlagan. Aksariyati harbiy vertolyotlar uchun. Ayrim litsenziyalar bekor qilingan, ammo faollar hukumatdan Misrga barcha turdagi qurol eksportini to’xtatishni talab qilmoqda.

AQShda moliya yili oktabrda boshlanar ekan, prezident Barak Obama Kongressdan Misrga harbiy yordam uchun 1,3 milliard dollar ajratishni so’ragan.

Tahlilchi Joshining aytishicha, Qo’shma Shtatlar yordamini to’xtatsa, natija bo’lishi mumkin, biroq AQSh Yevropaday ish tutmaydi.

"Amerikaliklarning Yevropaga qarab ish qiladigan odati yo’q. Ular Misr generallariga ta’siri susayishidan xavotirda. Qaror qabul qilishdan oldin shuni hisobga oladi", - deydi ekspert.

Saudiya Arabistoniga ko’ra, agar G’arb davlatlari Misrga yordamini kessa, arab va musulmon mamlakatlar uni qo’llab-quvvatlashga tayyor.

Harbiylar prezident Muhammad Mursiyni lavozimidan iyul boshida chetlatgan edi. Bir necha kun o’tib esa Fors ko’rfazidagi uch davlat Qohiraga 12 milliard dollarlik yordam va’da qildi.

Misr G’arb yordamiga muhtoj emas, ammo iqtisodiyot hozir og’ir ahvolda, deydi Shashank Joshi.

"Tashqi yordam kesilishidan ko’ra siyosiy beqarorlikning iqtisodiyotga salbiy ta’siri kattaroq. Husni Muborak rejimi qulagach, uch yil davomida ekonomika butkul to’kildi, Mursiy boshqaruvi paytida yanada tushkunlikka tushdi. Endi esa turizmdan yaxshi daromad keltirayotgan shaharlarda ham notinchlik, bu degani, sayyohlar ham mamlakatga kelmay qo’yadi", - deydi tahlilchi.

Yevropaliklar Misrga kelayotgan sayyohlarning 70 foizini tashkil qiladi. Germaniya va boshqa mamlakatlar o’z fuqarolarini Misrdagi vaziyat haqida ogohlantirib, u yerga bormaslikni tavsiya qilmoqda. Bu esa sayyohlarning keskin kamayishiga yetaklab, iqtisodiyotga jiddiy ziyon yetkazadi, deydi Joshi.

Statistika ma’lumotlariga ko’ra, misrliklarning har sakkiz nafaridan biri turizm sohasida band.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG