Misrda islomiy guruhlar ulkan o'zgarishlar va'da qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Fayum ayollari saylov paytida

Fayum ayollari saylov paytida

Misrda inqilobdan keyingi birinchi parlament saylovlarida, kutilganidek, islomiy partiyalar g’alaba qozondi. Poytaxt Qohira janubidagi Fayum shahri konservativ islomiy kuchlar vatani sanaladi. Bu yerda xalqqa ma’qul kelishga harakat qilayotan siyosatchilar yangi qadriyatlar haqida gapirmoqda. Ular mamlakat muammolarini hal eta olarmikin?

Saylovchilar

Saylovchilar

Bir qaraganda Fayum tinch va osoyishta bir makon. Lekin uning o’tmishi dahshatga soladi odamni. Misrdagi eng radikal guruhlar, jumladan “Jamaa Islomiya”, “Islom Jamiyati” a’zolari shu yerdan chiqqan.

Ular 1981-yilda mamlakat prezidenti Anvar Sadat hayotiga qasd qilgani, 1997-yilda Luksor shahrida chet ellik sayyohlarga hujum qilib, 60 dan ziyod odamni o’ldirgani aytiladi.

Ammo bugungi kunga kelib guruh mo’tadil qarashlarni ilgari surmoqda.

“Misrda islomga asoslangan zamonaviy davlat barpo etish kerak”, - deydi “Islom Jamiyati” vakili, parlamentga nomzod Muhammad Marzuk.

“Partiyamiz mamlakat va saylovchilarning barcha muammolarini hal etadi”.

Ijtimoiy adolat haqida gapirar ekan, Muhammad Marzuk “kimdir 300 ming funt, yana kimdir esa atigi 300 funt maosh olayotgani haqida eshitganmiz, biz bunga chek qo’yamiz”, deya va’da qiladi.

Saylovning ikkinchi kunida

Saylovning ikkinchi kunida

Fayum ahli orasida guruhni qo’llayotganlar, va’dalariga ishonayotganlar ko’p. Husayn al-Sayid shulardan biri.

“Islomdan qo’rqmaslik kerak, chunki musulmonlar Qur’oni karimga asoslanib ish tutadi. Demak, muammo bo’lmaydi”, - deydi u.

Biroq qon to’kish bilan tanilgan jamoaning ijtimoiy adolat haqida qayg’urishiga ishonmayotganlar ham talaygina.

Masalan, mamlakat nasroniylari. Muhammad Marzuk ularga bunday deydi:

“Nasroniylar ta’qib qilinmaydi, partiyamiz ularga musulmonlar bilan teng huquqlarni kafolatlaydi. Qonun hamma uchun bir”.

Ovozlar sanalmoqda

Ovozlar sanalmoqda

“Vafd” liberal partiyasidan parlamentga nomzod Essam Hirozo raqibini nishonga oladi.

“Omma oldida oliyhimmat, saxiy ko’rinishga harakat qiladiyu, ko’chada mening plakatlarimni yirtib tashlaydi bular”, - deydi Hirozo.

Bu siyosatchi ham saylovchilar ko’nglini ovlar ekan, o’z partiyasining mafkurasini konservativ aholi didiga moslashga urinadi. Liberalizm va dunyoviylikni qoralaydi ham, vaholanki “Vafd” partiyasining mafkurasi aynan shunday qadriyatlarga asoslangan.

“Vafd” dunyoviylikning salbiy jihatlari haqida gapirishi, “Islom Jamiyati” esa, aksincha, dunyoviylikni e’tirof etishi - yangi davr alomati. Konservativ islom va liberalizm o’rtasida muvozanat o’rnatilishiga umid bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG