Misr siyosatida islomiy partiyalarga o'rin bormi?

  • Amerika Ovozi

"Musulmon birodarlar" guruhi a'zolari sud zalida, Aleksandriya, Misr, 19-may, 2014-yil.

"Musulmon birodarlar" guruhi a'zolari sud zalida, Aleksandriya, Misr, 19-may, 2014-yil.

Misrliklar uch kun davomida prezident uchun ovoz berdi. Unda sobiq Mudofaa vaziri Abdulfattoh al-Sissi g’olib chiqishi kutilyapti. Husni Muborak rejimi qulagandan beri Misr siyosatida markaziy o’rin egallab kelgan “Musulmon birodarlar” partiyasi kuchli tazyiqlar ostida parokandalikka yuz tutgan. Ammo islomiy partiyalar sahnani hali-veri tark etmaydi, deydi tahlilchlar. O’tgan bir yil davomida Misr harbiylar tarafdorlari hamda “Musulmon birodarlar” guruhi a’zolari o’rtasida keskin kurash maydoniga aylandi.

Bu hafta bo’lib o’tgan prezidentlik saylovi harbiylarning ga’laba qozongani ifodasi bo’ladi, deydi kuzatuvchilar. Sobiq armiya qo’mondoni al-Sisi hokimiyatni qo’lga olishi kutilyapti.

Hokimiyatdan ag’darilgan sobiq prezident Muhammad Mursiy mansub “Musulmon birodarlar” partiyasi “terrorchi tashkilot” deya e’lon qilingan.

Inson huquqlari hamda siyosat haqida yozuvchi misrlik blogger Vail Iskandarning aytishicha, ular xalq e’tiborini qozona olmadi.

“Hozir ham Misr jamoatchiligi ularni inkor qiladi. Chunki birodarlar xalqning o’zligiga tahdid soldi. Ular hokimiyatdalik paytida juda yomon ishladi, hech qanday o’zgarish olib kelmadi”, - deydi u.

Iskandarga ko’ra, islomiy guruh yashab qolishi uchun, avvalo, xalqning ishonchini qozonishi kerak. Hozirgi siyosiy vaziyatda bu yangi hukumatning ikki asosiy jabhada muvaffaqiyat qozonishi yoki qozonmasligi bilan bog’liq. Agar yangi hukumat Misr iqtisodiyotini qutqarishni hamda inson huquqlarini hurmat qilishni uddalay olmasa, aholi yana yordam istab “Musulmon birodarlar”ga yuzlanishi mumkin, deydi Iskandar.

“Agar hukumat muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, odamlar yana islomchilarga umid bilan qaraydi, chunki ular muxolifat bo’ladi. Politsiya hibsga olsa, zulm qilsa yoki o’z haqqingizni qonuniy yo’llar bilan ololmasangiz, boshqa joyga yordam so’rab murojaat qilishga majbur bo’lasiz”, - deydi blogger.

Sissi buyrug’i bilan “Musulmon birodarlar”ning minglab a’zolari o’ldirildi yoki hibsga olindi. Guruh bilan aloqador tashkilotlar faoliyati taqiqlandi, jurnalistlar hibsga olindi hamda namoyishlar o’tkazish keskin cheklab qo’yildi.

“Kuchli Misr” mustaqil partiyasi a’zosi Muhammad Usmonning aytishicha, islomiy guruhni yo’q qilish oson bo’lmaydi.

Birodarlarga qarshi boshlangan hujum, aksincha ularni kuchaytirishi mumkin, deydi u. Chunki xalq ularga siyosiy xayrixoh bo’lmasa ham, insoniy jihatdan hamdardlik qilmoqda.

Misrda siyosiy ittifoqchilik ham o’zgarmoqda. “Al-Nur” islomiy partiyasi hamda qibtiy nasorolarning yetakchilari Sissini qo’llab-quvvatlamoqda. Birodarlar hamda boshqa ayrim dunyoviy partiyalar o’z a’zolarini saylovni boykot qilishga chaqirdi.

Shaxsiy huquqlar bo’yicha Misr tashabbusi guruhi doirasida diniy erkinliklarni o’rganuvchi Ishoq Ibrohimning aytishicha, Sissining shuhrati so’nggi oylarda so’nib bormoqda. Ammo siyosiy tarqoqlik unga qo’l kelishi mumkin, deydi tadqiqotchi.

Ibrohimning fikricha, siyosiy Islom Misr sahnasidan yo’qolmaydi, ammo o’ziga ittifoqchilar yig’ishi uchun birodarlar o’z qiyofasini o’zgartirishi kerak.

2011-yilgi inqilobda yosh faollar guruhlari “Musulmon birodarlar” bilan ittifoq tutingan edi.

Ammo Mursiy davrida kutilgan o’zgarishlar ro’y bermagach, ularning aksariyati Sissini qo’llab-quvvatlashga o’tdi. Hozir esa ular yana o’z mavqelarini o’zgartirib, harbiylarni ham, islomchilarni ham qo’llab-quvvatlamasliklarini aytmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG