Misr sudi "Al-Jazira" jurnalistlariga uch yillik qamoq jazosi belgiladi

  • Amerika Ovozi

Misr sudi "Al-Jazira" telekanali jurnalistlariga uch yillik qamoq jazosi belgiladi. Ular mamlakatda taqiqlangan Musulmon Birodarlar guruhini qo'llab-quvvatlash, soxta xabarlar tarqatishda aybdor topilgan.

"Al-Jazira" rahbariyati, shuningdek, Xalqaro Amnistiya tashkiloti sud qarorini qoralab bayonot chiqardi. "Uch jurnalist yana vijdon tutqiniga aylandi, xalqaro bosim ularning ozod etilishiga olib keladi deb umid qilgan edik", - deydi faollar.

Avstraliyalik Piter Greste, kanadalik Muhammad Fahmi va misrlik Bahir Muhammad 2013-yilning dekabrida ushlangan edi. Sud zalida o'qib eshittirilgan hukmga ko'ra, ular mehmonxonadan turib ruxsatsiz ko'rsatuvlar tayyorlagan va ro'yxatdan o'tmagan.

Piter Greste yil boshida vatani Avstraliyaga deportatsiya qilingan edi. Fahmi va Muhammad esa sud zalida kishanlangan.

Shu yilning yanvar oyida Misr appelyatsia sudi mahkamani qayta o'tkazish to'g'risida qaror chiqargan edi, chunki prokurorlar uch muxbir Musulmon Birodarlarni quvvatlashini isbotlay olmagan.

AQSh va boshqa davlatlar muxbirlarni qo'yib yuborishni talab qilib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG