Breaking News

Misrda liberallar ikki o't orasida qolgan


Misrlik yozuvchi Alaa al-Asvaniy
Misrlik yozuvchi Alaa al-Asvaniy
2011-yilda sobiq prezident Husni Muborakka qarshi qaratilgan g’alayon Misr xalqini umumiy maqsad yo’lida birlashtirgan edi. Biroq bugunga kelib bu birlik darz ketgan ko’rinadi. Mamlakatda siyosiy qutblashish kuchaygan.

“Musulmon birodarlar”ga aloqador islomiy guruhlar va harbiylar nazorati ostidagi hukumat tarafdorlari tortishayotgan bir paytda demokratiyani ko’zlayotgan oz sonli guruh ikki o’t orasida qolgan. Mintaqada nomi chiqqan yozuvchi Alaa al-Asvaniy ana shu liberal, dunyoviy guruh namoyandalaridan.

Misrda liberal bo’lish oson emas. Yozuvchi Alaa al-Asvaniy mamlakatda demokratik qadriyatlardan chekinish kuzatilayotganini aytadi.

"Siyosiy mojaro demokratik ruhda o’tmayapti. Terrorchi guruhlar va hukumat o’rtasida urushga guvoh bo’lyapmiz", - deydi u.

Asvaniy “Musulmon birodarlar”ning inqilobdan keyingi saylovlarda ishtirok etish huquqini himoya qilgan oz sonli ziyolilardan edi. Shu bilan birga u islomiy prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan chetlatilganini yoqlab chiqdi. Adib nazarida Misr demokratiyadan ancha yiroqda.

"Kurash tugamadi hali. Aksincha endi boshlandi. Haqiqiy kurash inqilob va eski tuzum o’rtasida kechadi. Demokratiyaga g’ov bo’layotgan odamlardan qutulish kerak", - deydi yozuvchi.

Asvaniy umrining bir qismini avtoritar tuzumga qarshi kurashga bag’ishlagan. U 2002-yilda bir roman yozib, mashhur bo’lib ketadi. Politsiya zulmini va davlatdagi korrupsiyani fosh qilgan asar keyinchalik ekranlashtiriladi. 2011-yilgi inqilob kunlari Asvaniy Tahrir maydonida har kuni ko’ringan faollardan.

"Eski tuzum yoki harbiylar demokratiyani bizga hadya etishiga ishonmayman. Inqilob ko’zlagan maqsadlarga erishmaguncha harakatimizni bo’shashtirmay hukumatga bosim qo’yishda davom etishimiz kerak", - deydi u.

Asvaniyning pozitsiyasi siyosiy kurashga berilgan har ikki tomonni g’azablantirdi. Unga do’q-po’pisalar qilishdi, uyini o’qqa tutishdi. Yaqinda Parijga borganida esa u Mursiy tarafdorlari qurshoviga tushib qoldi.

"Bu odamlarning menga hamlasini, qanday qarashganini ko’rsangiz edi. Ular meni dinga qarshi deb o’ylagan bo’lsa kerak. Bu haqda albatta yozaman", - deydi adib.

Asvaniy kechinmalari haqida mahalliy matbuotda muntazam ravishda maqolalar bitib boradi. Yaqinda esa u “Nyu-York Tayms” uchun ham sharhlay boshlagan. Biroq muammo shundaki, misrliklarning uchdan biri savodsiz.

Asvaniyga ko’ra, savodsizlik liberal g’oyalar yo’lidagi ulkan g’ovlardan. Bu muammoni na harbiylar va na islomiy kuchlar hal etishga urindi, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG