Breaking News

Misr demokratik davlat bo'la oladimi?


Misrda harbiylar saylovlardan so'ng boshqaruvni fuqarolar qo'liga topshirishi kutilmoqda.
Misrda harbiylar saylovlardan so'ng boshqaruvni fuqarolar qo'liga topshirishi kutilmoqda.

Misrda harbiylar saylovlardan so'ng boshqaruvni xalq ovozini olgan fuqarolar qo'liga topshirishi kutilmoqda.

Misrda davlat boshqaruvi vaqtincha harbiylar qo'liga o'tgandan so'ng armiya qachongacha hukmron bo'ladi?

Misrda qanday siyosiy tizim vujudga kelishi keng muhokamada.

Ayrimlar Turkiyani namuna sifatida ko'rsatadi. Boshqalar esa Indoneziya tarixiga nazar tashlashni tavsiya qiladi. Bu davlatda ham Misrdagi kabi avtokratik rahbar 30 yil mamlakat jilovini qo'ldan chiqarmagan. 13 yil burun xalq ko'tarilib, uni ag'dargan. Bugunga kelib Indoneziya musulmon dunyosida demokratik davlat sifatida e'tirof etiladi. Misr rahbarlari Indoneziya tarixidan qanday saboq olishi mumkin?

AQSh davlat xavfsizlik kengashining Osiyo masalalari bo'yicha sobiq rasmiysi Karen Bruksning aytishicha, 1998-yilgi Indoneziya va 2011-yilgi Misr o'rtasida ko'p o'xshashliklar bor.

"Misr sobiq prezidenti Husni Muborak va Indoneziya diktatori Suxarto AQSh bilan yaqin aloqada bo'lgan. 30-yillik hukmronligi davrida hech biri demokratik taraqqiyotga yo'l bermagan, inson huquqlariga ko'z yumgan. Har ikki tuzum tashqi omillar ta'sirida quladi. Indoneziya Osiyodagi moliyaviy tanazzul, Misr esa Tunisdagi voqealar ta'siri ostida", - deydi mutaxassis.

Har ikki davlatdagi jarayonlarda armiya katta rol o'ynagan. Indoneziyada harbiylar xavfsizlikni ta'minlash bilan birga siyosiy vakolatga ham ega edi. Karen Bruks Bill Klinton ma'muriyatida Indoneziya masalalari bilan ko'p shug'ullangan.

Misrda 25 yanvarda boshlangan ommaviy namoyishlar 11 fevral kuni Husni Muborak prezidentlikdan ketgachgina to'xtadi
Misrda 25 yanvarda boshlangan ommaviy namoyishlar 11 fevral kuni Husni Muborak prezidentlikdan ketgachgina to'xtadi

"Misrda ham, Indoneziyada ham armiya dunyoviy tuzum tarafdori, milliy g'oyalar himoyachisi sanaladi. Avtokratik rahbarlarni ag'darishda muhim rol o'ynagan", - deydi Bruks.

Misrni saylovlargacha Qurolli kuchlar oliy kengashi boshqarib turadi. Ba'zilarning xavotir bildirishicha, ayrim mamlakatlarda bo'lgani kabi armiya inqilobdan so'ng hokimiyatni qo'ldan chiqarmasligi mumkin. Biroq AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi sobiq tahlilchisi Emil Nahlining aytishicha, Misrda bunday bo'lmaydi. Misr ofitserlari Indoneziya armiyasi singari Amerika harbiy muassasalarida tayyorgarlikdan o'tgan.

"AQShda ta'lim olgan Indoneziya harbiylari mamlakat olg'a siljishi uchun uni noharbiy arboblar boshqarishi kerakligini anglab yetgan edi. Armiya "Indoneziyada qanday tuzum bo'lishidan qat'iy nazar bizning vazifamiz mamlakatni himoya qilish" deb turdi".

Amerikada harbiy tayyorgarlikdan o'tgan Misr ofitserlari ham shunday yo'l tutadimi? AQSh armiyasining iste'fodagi polkovnigi Jozef Englxart Qohiradagi elchixonada harbiy maslahatchi bo'lib ishlagan. Misr Qurolli kuchlar oliy kengashi a'zolarini taniydi. Uning aytishicha, harbiylar siyosatga aralashmoqchi emas.

"Men shunday fikrdamanki, harbiylar burchi va vazifasi tufayli boshqaruvni qo'lga olgan. Bu ishning vaqtincha ekanini yaxshi anglashadi. Tizginni keragidan ortiq ushlash niyati yo'q", - deydi polkovnik.

Misr harbiy kengashi mamlakatni olti oy yoki prezident va parlament saylovlari o'tguncha boshqarishini ma'llum qilgan.

Tahlilchi Emil Nahlining aytishicha, kengash xavfsizlik kuchlariga keng vakolat beruvchi favqulodda holatlar haqidagi qonunni bekor qilishi kerak.

"Parlament tarqatildi, konstitutsiya bekor qilindi. Bu yaxshi. Ammo favqulodda holat hali ham amalda. Undanam voz kechish kerak. Shundagina harbiylarga ishonsa bo'ladi", - deydi Nahli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG