Misrda davat to'ntaruvi yuz berdimi? Kim qanday fikrda?

  • Amerika Ovozi

3-iyul kuni Misrning demokratik yo’l bilan saylangan prezidenti Muhammad Mursiy hokimiyatdan chetlashtirildi. “Musulmon Birodarlar” tashkiloti rahbarlaridan biri davlatni bir yil boshqardi.

“Hokimiyat cho’qqisida bo’lganida maslahatlarga ham quloq solmadi, yakka o’zi ishladi va natijada ishini uddalay olmadi”, - deydi olima Mirett Mabruk.

“Oqibatda odamlar ikki guruhga ajraldi. Birida prezidentga siyosiy ma’noda qarshi chiqqanlar. Ikkinchisida - ma’naviy jihatdan unga qarshi bo’lganlar, ya’ni charchagan, och-nahor, kasal odamlar, elektr quvvati va benzin tanqisligi, pulning kundan-kunga qadrsizlanishi va ishsizlikning oshayotganidan charchagan odamlar”.

Mursiy iqtisodga e’tibor qaratmadi

AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton fikricha Mursiy iqtisodga e’tibor qaratmadi.

“Millionlab misrliklarni ko’chalarga chiqib, Mursiyga qarshi namoyish uyushtirishga majbur qilgan haqiqiy sabab shu. Ular iqtisodiy ahvol yaxshilanishini istadi, - deydi Bolton. - Agar iqtisod tiklanganida, odamlar islomiy hokimiyatga qarshi chiqmagan bo’lardi. Mursiy oddiy misrliklarning mana shu tashvishi va ehtiyojini yaxshi tushunmadi. Bu xato unga juda qimmatga tushdi”.

Harbiylar demokratik yo’l orqali saylangan prezidentni hokimiyatdan chetlashtirgani davlat to’ntaruvimidi?

Davlat to’ntaruvimi?

“Misrda davlat to’ntaruvi uyushtirilganiga shubha yo’q”, - deydi Jeffri Martini, RAND korporatsiyasining Misr bo’yicha eksperti.

“Harbiylar vaziyatga skalpel bilan aralashishi mumkin edi, ular esa qo’liga bolg’a oldi. Prezidentni hokimiyatdan ag’darib, hibsga oldi. “Musulmon Birodarlar” tashkiloti rahbarlarini ham qamadi, - deydi Martini. – Ular “Musulmon Birodarlar” tahskilotining o’ng qo’li Erkinlik va adolat partiyasining Qohiradagi qarorgohini yopishni buyurdi. Konstitutsiyani bekor qilib, parlamentning yuqori palatasini tarqatib yubordi va eng yirik gazetani o’zlashtirdi. Albatta, bu xodisalar davlat to’ntaruvi”.

Ammo Obama ma’muriyati Misrdagi o’zgarishni davlat to’ntaruvi demayapti.

AQSh ikkilanmoqda

Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni:

“Bu nihoyatda murakkab va qiyin vaziyat. Prezident Obama Misr harbiy kuchlarining prezident Mursiyni hokimiyatdan chetlashtirish va konstitutsiyaning amal qilishini to’xtatish haqdagi qaroridan chuqur tashvish bildirdi. O’n millionlab misrliklar prezident Mursiyning nodemokratik boshqaruvidan norozi ekani va voqeaning davlat to’ntaruvi ekaniga ishonmayotganini ham e’tirof etish kerak”.

Oq Uy rasmiysi, shuningdek, Misrdagi hodisaning harbiy to’ntaruv deya atash jiddiy oqibatlarga olib kelishini eslatdi.

Birinchi navbatda, bunday oqibatlar AQShning Misrga ajratayotgan yordamiga tegishli, chunki AQSh qonunlariga ko’ra, demokratik yo’l bilan saylangan davlat rahbarini harbiylar hokimiyatdan chetlashtirsa, ushbu mamlakatga harbiy yordam darhol to’xtatiladi.

AQSh Misrga katta yordam ajratib keladi

Jeffri Martini AQSh Misrga ikki turdagi yordam ajratib kelishini aytadi.

“Asosiy qismi Tashqi harbiy moliyaviy madad, deb ataladi. Unga ko’ra, Misrga yiliga 1,3 milliard dollar ajratiladi, shu jumladan F-16 rusumidagi qiruvchi samolyotlar, M1-A1 Abrams tanklari, vertolyotlar. Ularni ta’mirlash uchun ham ancha pul ketadi”.

Obama ma’muriyati Misr hodisalarini davlat to'ntaruvi deya e’tirof etsa, bu turdagi yordam to’xtatilishi kerak.

Ikkinchu turdagi yordam Iqtisodiy madad jamg’armasi deb ataladi. 2012-molivaiy yilda u 250 million dollarga teng bo’ldi.

Martini deydiki, harbiy yordam bo’ladimi, iqtisodiymi, u AQShga qaytib keladi.

Masalan, 1,3 milliard dollarga teng harbiy yordamning aksariyat qismi Misrga harbiy uskuna sotayotgan AQSh mudofaa sohasiga to’lanadi.

“Endi esa iqtisodiy yordamga bir qaraylik. Tarixan, bu yordam Misr iqtisodiy taraqqiyoti uchun sarflangan. Ammo inqilobdan buyon Misrning AQShga qarzini to’lash uchun ishlatildi. Demak, bu AQSh g’aznasiga tushadigan mablag’. Harbiy madad ham AQShning mudofaa sohasi tashkilotlariga to’lnadi. Demak, bu pul ham AQSh g’aznasiga borib tushadi”.

Martini deydiki, AQSh qonunchilari va ekspertlar Misrga ajratilayotgan harbiy yordamni to’xtataylik, deganida aslida mudofaa sohasi zarar ko’rishini tushunmayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG