Misr vaqtincha harbiylar boshqaruviga o'tgan. Keyinchi?

  • Amerika Ovozi

Harbiylar va xususan Husayn Tantaviyni omma hozircha ijobiy qarshi olmoqda, ammo ertangi kun ular qanday qarorlar qabul qilishiga bog'liq

Harbiylar va xususan Husayn Tantaviyni omma hozircha ijobiy qarshi olmoqda, ammo ertangi kun ular qanday qarorlar qabul qilishiga bog'liq

Misrda hokimiyatni vaqtincha o'z zimmasiga olgan harbiylar g'alayon paytida va hozir ham hukumat va xalq o'rtasida o'ziga xos vositachi rolini bajarib kelmoqda.

Ammo kelajak mavhum. "Xalq amrini bajo keltiramiz" degan va'dalar qanchalik samimiy?

Yoshlar eski tuzumga sidqidilgan xizmat qilib kelgan harbiylarga ishonadimi?

Hokimiyat hozir Misr Qurolli kuchlar oliy kengashi qo'lida.

Misrning uzoq yillik mudofaa vaziri, Sovet harbiy maktabidan o'tgan Muhammad Husayn Tantaviy bu kengash raisi.

Sharqshunos olim Pol Beran deydiki, harbiylar va xususan Husayn Tantaviyni omma hozircha ijobiy qarshi olmoqda, ammo ertangi kun ular qanday qarorlar qabul qilishiga bog'liq.

"Lekin Misr armiyasini yaxlit bir tuzilma deb ta'riflash qiyin", - deydi mutaxassis.

Huquq-tartibot idoralariga keng vakolat bergan favqulodda qonunlar 1981-yildan beri amalda

Huquq-tartibot idoralariga keng vakolat bergan favqulodda qonunlar 1981-yildan beri amalda

Qurolli kuchlar safida turli avlod vakillari xizmat qiladi. Sovet maktabidan o'tgan keksa offitserlar, shu jumladan Husayn Tantaviy va vitse-prezident Umar Sulaymon.

1973-yilgi arab-Isroil urushidan so'ng armiya safidan joy olgan askarlar esa amerikalik murabbiylar qo'lida tayyorgarlikdan o'tgan.

Misrda harbiylar hokimiyati 6 oy yoki saylovgacha davom etishi kutilmoqda. Undan so'ng davlat boshqaruvini xalq saylagan demokratik ma'muriyatga topshiramiz, deydi ular.

Mazkur bayonot ketidan, Inqilobchi Yoshlar koalitsiyasi o'z tarafdorlaridan tarqalishni so'ragan.

Boshqalar nazarida esa 30 yillik favqulodda qonun bekor qilinmaguncha namoyishlar davom etishi kerak.

"Harbiylar nima qilishga ham hayron", - deydi tahlilchi Robert Danin. "Chunki bu qonunni aynan hozirgi paytda kuchda qoldirish o'rinli bo'lardi".

Huquq-tartibot idoralariga keng vakolat bergan favqulodda qonunlar 1981-yildan beri amalda. Ularni bekor qilish namoyishchilarning asosiy talablaridan biri.

Diniy fundamentalizm bo'yicha ekspert Ed Husayn uzoq yillik rahbarni hokimiyatdan ag'dargan harakat boshida yoshlar turganiga alohida e'tibor qaratadi.

Inqilob boshida turgan - yoshlar

Inqilob boshida turgan - yoshlar

"Jihodchi guruhlar o'tgan yillar ichida Husni Muborakdan qutulish uchun nimalarni ishga solmadi. Lekin prezident Obama qayd etganidek, oxir-oqibat nozo'ravon kurash usulini tanlagan oddiy xalq, yoshlar ustun keldi. Bu shundan dalolatki, erkinlik, inson huquqlari va demokratiya kabi ne'matlar arab dunyosiga ham begona emas", - deydi olim.

Misrliklar erkin va adolatli saylovlar imkon qadar tezroq o'tkazilishi tarafdori. Nomzodlar haqida gapirishga hali erta, deydi Robert Danin.

Mutaxassis fikricha, Mudofaa vaziri Husayn Tantaviy, vitse-prezident Umar Sulaymon va Muborakka yaqin bo'lgan boshqa mulozimlar ovoz ololmasligi aniq.

"El tanigan boshqa arboblar, hatto Arab Ligasi rahbari Amir Musani ham o'zlariga ma'qul fursatda maydonga chiqqan siyosatchilar deb ta'riflash mumkin".

Muxolifat safida esa Muborak davrida qamoqqa tashlangan Ayman Nur, Xalqaro atom boshqarmasi sobiq rahbari Muhammad al-Barodiy va "Musulmon birodarlar" harakatining yangi raisi Muhammad Badi singari mashhur shaxslar bor.

Namoyish tashkilotchilaridan biri, Google internet kompaniyasining mintaqadagi vakili, 30 yoshli Voil G'onim "siyosatga qiziqishim yo'q" deb ta'kidlagan.

Biroq tahlilchilar fikricha, saylov yaqinlashgan sari Misrni yangidan qurishga bel bog'lagan yosh avlod vakillari maydonga chiqib, g'alaba qilsa ajabmas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG