Misr prezidenti bahsli qarorini bekor qildi, ammo referendum kuchda qoldi

  • Amerika Ovozi

Misr prezidenti Muhammad Mursiyga qarshi shior

Misr prezidenti Muhammad Mursiyga qarshi shior

Misr prezidenti Muhammad Mursiy mamlakatda siyosiy taranglikni yumshatish maqsadida yangi inqilob yoqasiga keltirgan qarorini bekor qildi. Biroq muxolifat noroziligiga sabab bo’layotgan yangi konstitutsiya loyihasi bo’yicha referendum 15-dekabrdan qoldirilmaydi, dedi prezident idorasi.

Muxolifatning bu yangilikka munosabati hozircha ma’lum emas. Shuningdek, bahsli qarorning bekor qilinganidan so’ng prezident saroyi atrofida chodir qurib, uzoq muddatli namoyishga bel bog’lagan odamlar tarqaladimi, yo’qmi, bu ham noaniq.

Namoyishchilar Mursiy o’zini sudlardan yuqori qo’ygani va konstitutsiya loyihasini tayyorlashda islomiy kuchlardan boshqalar ishtirokining bo’lmaganidan norozi. Liberal kuchlar, nasroniy arboblar hamda sobiq rejim tarafdorlari har ikki hujjatni bekor qilishni talab qilgan.

Mursiy hozircha sudlarga aloqador qaroridan voz kechdi, ammo konstitutsiya loyihasini ovozga qo’yish rejasidan qaytmadi.

Kecha prezident vakillari muxolifat bilan muzokara qilgan. Kelishuvga ko’ra, agar 15-dekabrga rejalangan referendumda konstitutsiya loyihasi rad etilsa, yangi komissiya tuzilib, olti oy ichida yangi konstitutsiya tayyorlanadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG