Husni Muborakni uy qamog'i kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Misrning 85 yoshli sobiq rahbari yuzlab namoyishchilarning o’limida va korrupsiyada ayblanib, so’nggi ikki yildan buyon qamoqda.

Misrning 85 yoshli sobiq rahbari yuzlab namoyishchilarning o’limida va korrupsiyada ayblanib, so’nggi ikki yildan buyon qamoqda.

Misr sudi 2011-yilgi inqilobda hokimiyatdan ag’darilgan prezident Husni Muborakni ozod etishga ruxsat bergan, ammo Bosh vazir Hazim al-Biblaviy buyrug'iga binoan u uy qamog'ida bo'ladi.

85 yoshli Muborak yuzlab namoyishchilarning o’limida va korrupsiyada aybdor deb topilgan va umrbod qamoqqa mahkum etilgan edi.

Hukm qayta ko'rib chiqilar ekan, sud uni panjara ortida saqlamaslikka qaror qilgan edi.

Sobiq rahbar va uning o’g’illari byudjet mablag’larini shohona saroylar qurishga sarflaganlikda ham ayblangan, ammo bugunga kelib ular olib tashlangan.

Shuningdek, bugun Misrda “Musulmon Birodarlar” harakati so’zlovchisi Murod Ali va bu guruhga aloqador bir imom hibsga olingan. Har ikkisi mamlakatni tark etayotgan payt ushlangan.

Ayni damda Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbarining siyosiy masalalari bo’yicha muovini Qohirada muzokara olib bormoqda. Jeffri Feltmanning safaridan maqsad – tinchlik va barqarorlikni tiklash.

Misr muvaqqat rahbariyatining ta’kidlashicha, mamlakatda tartibni tiklash ustuvor vazifa va siyosiy o’tish davri vaqt talab qiladi.

Bosh vazir Biblaviy Qo’shma Shtatlar tomonidan uning mamlakatiga harbiy madad kesilishi mumkinligi yuzasidan ham bayonot berdi. Agar Vashington shunday qaror qabul qilsa, bu juda salbiy signal bo’ladi, deydi u.

Yordam uzilishi harbiylar faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi muqarrar, lekin o'tmishda Misr armiyasi Rossiyaning harbiy yordamiga tayangan davrlar bo’lgan, deya eslatdi rasmiy.

“Misr va Qo’shma Shtatlar bir-biriga tayanadi. Yevropa Ittifoqi va Osiyo davlatlari bilan ham yaqin hamkorlik davom etishini istaymiz”, - dedi Biblaviy “ABC” telekanaliga bergan intervyusida.

Ma’lumki, AQSh va Yevropa Misrga atalgan ko’mak dasturlarini qayta ko’rib chiqmoqda. Bu davlat armiyasi Amerikadan har yili 1,5 milliard dollar miqdorida yordam oladi. Oq uy hali biror aniq qarorga kelmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG