Muborak rahbarlik vakolatlarini vitse-prezidentga topshirgan

  • Amerika Ovozi

Muborak rahbarlik vakolatlarini vitse-prezidentga topshirgan

Muborak rahbarlik vakolatlarini vitse-prezidentga topshirgan

Misr prezidenti xalq oldida qilgan nutqida prezidentlikda qolishini ta'kidladi, ammo vakolatlarini vitse-prezidentga topshirishga qaror qilganini aytdi.

Davlat rahbari hali ham u, nominal ravishda, lekin ishni vitse-prezident Umar Sulaymon bajaradi.

Xususan xavfsizlik organlari boshqaruvi va iqtisodiyot endi vitse-prezident bo'ynida.

Parlamentni tarqatish, hukumatni tarqatish va konstitutsiyani o'zgartirish vakolatlari hamon Muborak qo'lida.

Muborakning amaldagi muddati shu yil kuzda tugaydi. U prezidentlik uchun boshqa harakat qilmaslikka so'z bergan.

Qohiraning "Tahrir" maydonida yuzlab ming odamlar g'azabga to'lgan. Muborak lavozimni bo'shatmas ekan, namoyishlar tinmaydi degan hayqiriqlar yangramoqda.

Xaloyiq nafaqat Muborak ketishini balki butun tuzum o'zgarishini, avtoritar struktura o'rniga demokratik sistema o'rnatilishini talab qilmoqda.

Butun jahon diqqati hozir bu davlatda. 17 kundirki namoyishlar qizisa qiziyaptiki, susaymayapti.

Qo'shma Shtatlar Misr xalqi bilan ekanini bildirib, yangi va demokratik hukumat vujudga kelishi uchun yordamga tayyor ekanini, moliyaviy ko'makni davom ettirishini bildirmoqda.

Vashington Misrga bu yil 1,5 milliard dollar madad ko'rsatishni rejalagan.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, dunyo ahli Misrda tarixiy voqealarga guvoh bo'lmoqda.

Namoyish qilayotganlarning aksariyati yoshlar va ular adolat talab qilmoqda, deydi Obama, o'zgarish bo'lishi tayin.

Xavfsizlik xizmati ogoh turibdi. Prezident qarorgohi, matbuot binolari atrofiga askar tortilgan.

Husni Muborak iste’fosini talab qilib, minglab odam ish tashlar ekan, bu turizm, tekstil, temiryo’l, umuman, transport tizimida aks-sado bermoqda.



Hukumatga qarashli, mamlakat iqtisodiyotini tirab turgan besh yirik kompaniyada ham shu manzara. 6 ming xodim maosh kamligi va sharoit og’irligidan shikoyat qilib, bosh ko’targan.

Janub ham notinch. Mahalliy hukumat binolari o’t ichida. Sog’liqni saqlash va telekommunikatsiya sohasi ishchilari xizmatga chiqishdan bosh tortmoqda.

Tahlilchilar nazarida xalq va hukumat o’rtasidagi tortishuv aynan ertaga yechimini topadi. Fuqaro 30 yillik prezident Muborak ham, uning qonunchilari ham ketsin, deydi.

Vitse-prezident Umar Sulaymon namoyishlarni bas qilishga undamoqda.

Misrning eng nufuzli nashrlaridan biri, shu paytga qadar hukumatni yoqlab kelgan “Al-Ahram” gazetasi pozitsiyasini o’zgartirgan.

"Tahrir" maydonida namoyishchilarga qilingan hujumlar butun millatning yuzini shuvut qildi, deyiladi gazetaning bugungi sonida chiqqan maqolada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG