Misrda namoyishlar yanada avj olishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

"Tahrir" maydoni, 10 fevral 2011

"Tahrir" maydoni, 10 fevral 2011

Misrda xalq prezidentga qarshi bosh ko'targaniga ikki haftadan oshdi, lekin Husni Muborak otdan tushmoqchi emas.

Qohirada yuzlab ming fuqaro unga la'natlar aytib, siyosatini qoralar ekan, bugun Muborak yana omma oldiga chiqib, katta o'zgarishlar va'da qildi. Hokimiyatni deyarli vitse-prezident Umar Sulaymonga topshirganini aytdi.

Muborak balki otdan tushgandir, deydi sharhlovchilar, lekin egardan emas.

Muborakning ketishini kutayotgan namoyishchilardan biri

Muborakning ketishini kutayotgan namoyishchilardan biri

"Misr hammamizning vatanimiz. Siz mening qiz va o'g'illarimsiz", - dedi Muborak mamlakat yoshlariga qarata.

Namoyishchilarning aksariyati yosh avlod vakillari.

Prezident Misr uchun jonini fido qilishga tayyor ekanini aytdi.

"O'tgan 30 yil ichida ulkan yutuqlarga erishildi. Misr bugun dunyoda o'z nufuz va o'rniga ega",- deya qayd etdi Husni Muborak.

"Davlat boshqaruvini shu yili sentabr oyida prezident saylovlarida g'olib chiqqan odamga butunlay topshirib, iste'foga ketaman", - dedi u.

Misrda namoyishlar yanada avj olishi kutilmoqda

Misrda namoyishlar yanada avj olishi kutilmoqda

"Bugun men sizga otangiz kabi murojaat qilayapman", - dedi Muborak, "Tahrir" maydonida tinimsiz namoyish qilayotgan ommani tarqalishga undar ekan.

Misrning AQShdagi elchisi Samih Shukriyning tushuntirishicha, boshqaruv endi Umar Sulaymon izniga o'tgan.

Muborak bugun lavozimdan ketadi deb umid qilgan xalq orasida prezident nutqidan keyin norozilik yanada kuchaygan. Xaloyiq g'azabda.

"Tahrir" maydonida ertaga millionlar insonlar namoyish qilishi kutilmoqda. Qo'zg'olon mamlakat bo'ylab tarqalgan. Turli shaharlarda omma ko'chaga chiqqan.

Muborakka qarshi namoyishlar

Muborakka qarshi namoyishlar

Xalq tomonida ekanini qayd etib kelayotgan armiya rahbariyati bugun namoyishchilar oldiga chiqib, "prezident sizning talabingizni qondiradi" deb e'lon qilgan edi.

82 yoshli Muborak darhol ketishi lozim degan talab hamon o'z kuchida, deydi odamlar.

"30 yillik diktator hokimiyatni bo'shatmasa, biz ham tarqalmaymiz", - deydi ular.

Bugun Misr harbiy oliy kengashi uchrashgan. Majlisda Muborak qatnashmagan. Kengash a'zolarining aytishicha, armiya xalq va davlatni himoya qilish yo'llarini izlamoqda. Bu aynan nimani anglatadi degan savolga javob yo'q.

Misr aholisi 80 milliondan ziyod, aksariyati ishsiz va 30 foizga yaqini savodsiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG